O‘zbekiston | 00:59 / 19.12.2020
17843
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu – jinoyat». Ozodbek Nazarbekov Tosh hovli devori buzilishi haqida

«Tez orada bunga aloqador barcha jinoyatchilarga tegishli choralar ko‘riladi», – dedi madaniyat vaziri.

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xivadagi Tosh hovli saroyi devorining bir qismi amaldagi tartibga zid ravishda buzilganiga munosabat bildirdi.

Kun.uz muxbirining xabariga ko‘ra, vazir holatni prokuratura o‘rganayotganini ma'lum qilgan.

«YuNeSKO ro‘yxatiga kiradigan ushbu obidaning devorlari buzilishi bo‘yicha prokuratura xodimlari tegishli ishlarni olib borishyapti. Bu – jinoyat va tez orada bunga aloqador barcha jinoyatchilarga tegishli choralar ko‘riladi.

Lekin buning o‘zi yetarli bo‘larmikan? Bizda avvalo madaniy merosga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish kerak. Toki jamiyatda tarixiy obidalarni asrab-avaylash muhiti shakllanmas ekan, 50 yildan keyin ham har gal bu holat takrorlanganda «Madaniyat vazirligi qayerga qarayapti?» degan savollar aylanaveradi», – dedi Nazarbekov Toshkent yoshlar forumi doirasida o‘tkazilgan «Toshkentning madaniy va turistik qiyofasi – 2030» mavzusidagi muloqotda.

Eslatib o‘tamiz, 1832–38 yillarda qurilgan saroy devorining bir qismi 2020 yil dekabr oyida buzildi.

Ichan-Qal'a mas'ullari buni devordagi og‘ish bilan izohlab, devordan olingan g‘ishtlar «butunligicha o‘z o‘rniga qaytarib terilishi»ni aytmoqda.

Madaniy meros departamenti esa restavratsiya loyihasi ilmiy-ekspert kengashidan o‘tkazilmaganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid