Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nagoyada «Toshkent kuni» forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 19 dekabr kuni, Yaponiyaning Nagoya shahrida «Toshkent kuni» forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Forumning ochilishida Nagoya shahri meri Kavamura Takashi va O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbir onlayn tarzda namoyish etilyapti.
Forum qatnashchilariga videomurojaatida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim voqea bo‘lganini ta'kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qadimiy Nagoya shahriga tashrifi, Nagoya shahri meri Kavamura Takashining 2019 yil dekabr oyida Toshkentga tashrifi mamlakatlar hamda Toshkent va Nagoya shaharlari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Nagoya shahar meriyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani muhim qadamga aylandi.
Videomurojaatda ta'kidlanishicha, qadim zamonlardan buyon O‘zbekiston jahon sivilizatsiyalari chorrahasi va Buyuk Ipak yo‘lining markazi bo‘lgan. Yapon xalqi O‘zbekistonga, uning Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi tarixiy markazlariga jiddiy qiziqadi.
Koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan cheklovlar tufayli yaponiyalik sayyohlar bu yil O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘lmadi. O‘zbekiston hukumati tomonidan «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» sanitariya-epidemiologiya xavfsizlik tizimi tatbiq etildi. Bugungi kunda yaponiyalik sayyohlar uchun O‘zbekistonga safar qilish xavfsizdir.
Yakunda bosh vazir o‘rinbosari forum mehmonlari va Yaponiya aholisini O‘zbekistonga taklif qildi.
Mavzuga oid
11:37 / 26.05.2025
Dehlida O‘zbekiston-Hindiston ta’lim forumi o‘tkazildi
13:10 / 05.05.2025
Samarqand BMTning Davlat xizmatlari forumini qabul qiladi
09:10 / 24.04.2025
Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi birinchi forumi o‘tkaziladi
10:20 / 12.09.2024