O‘zbekiston | 15:47 / 19.12.2020
10360
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar qancha soliq to‘laydi?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun, ijtimoiy soliqni haqiqatda ishlagan vaqtidan qat'i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘lashi belgilangandi. Kelgusi yilda ham ushbu tartib saqlanib qoladimi?

Foto: Getty Images

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2021 yil uchun, ijtimoiy soliqni haqiqatda ishlagan vaqtidan qat'i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarida to‘lovni bajaradi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Moliya vazirligi ma'lumotiga tayangan holda xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, mehnatda o‘zini band qilgan aholi ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar 2021 yil uchun 223 ming so‘m miqdorida ijtimoiy soliqni to‘lagan holda, o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Shuningdek, 2021 yilda pensiyalarni hisoblash tartibini soddalashtirish maqsadida jismoniy shaxslarning ayrim toifasi uchun ijtimoiy soliq stavkalarini unifikatsiya qilish taklif etiladi.

Masalan, «Usta-shogird» maktablari o‘quvchilari — ular 25 yoshga to‘lguniga qadar ishlagan davri, dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan, yuridik shaxs tashkil etmasdan), O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) tashkilotlarda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat stajini hisoblab chiqish uchun yiliga kamida 1 bazaviy hisoblash miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanishi nazarda tutilgan.

Ma'lumot uchun, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha mehnat faoliyatini mustaqil amalga oshiradigan, YaTT sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hisoblanadi. Ushbu toifadagi kasb egalari sirasiga sartarosh, uyda repetitorlik qilish, enaga, uy xizmatchisi va boshqalar kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan belgilangan miqdorda to‘langan ijtimoiy soliq summalari asosida ularning mehnat staji hisobga olinadi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid