O‘zbekiston | 22:45 / 21.12.2020
24258
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik dasturchilar Amir Temur haqidagi birinchi tarixiy o‘yinni taqdim etdi

Mobil, konsol va videoo‘yinlar ishlab chiqaruvchi o‘zbekistonlik dasturchilar guruhi – UIC Games Amir Temur haqidagi «Mangu sarkarda» nomli birinchi tarixiy o‘yinni namoyish etdi.

Videoo‘yin taqdimoti 19 dekabr kuni Toshkent yoshlar forumi doirasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Taqdimotda aytilishicha, «Mangu sarkarda» Unreal Engine texnologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan markaziy Osiyodagi ilk videoo‘yindir.

Undagi harakatlar 14 asrdagi tarixiy faktlarga asoslanadi. Bunda tarixiy syujyetlardan tortib kichik detallargacha aniqlikda ishlab chiqilgan. Qahramonlarning kiyimlari va qurollari uchun esa Amir Temur muzeyidagi eksponatlar o‘rganib chiqilgan.

«Barchasi faktlarga asoslangani bilan biz o‘yin davomida Amir Temur obrazidan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanmadik, chunki qandaydir tarixiy xatolikka yo‘l qo‘yish mumkin. Shu sababli biz sohibqironning tansoqchisi obrazidan foydalanganmiz. Shunday bo‘lsa-da, videoo‘yinda o‘yin strategiyasi, barcha yurishlar rejasini Amir Temur tuzadi», – deydi dastur hammualliflaridan biri Alisher Tojiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida.

«Mangu sarkarda» yuqori budjetli o‘yinlar sinfiga kiradi. Dastur mualliflarining aytishicha, videoo‘yin hozirgi holatga kelgunga qadar 29 kishilik guruh bir yil davomida ish olib borgan.

Ushbu guruh a'zolari shuningdek, yoshlar uchun imkon.uz loyihasini ham ishga tushirmoqda. Loyiha haqida esa batafsil quyidagi rolik orqali ma'lumot olishingiz mumkin.

Mavzuga oid