Jahon | 03:32 / 22.12.2020
8757
2 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden jonli efirda Pfizer vaksinasi bilan emlandi

Foto: Getty Images

AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden koronavirusga qarshi emlandi. Demokrat AQSh telekanali jonli efirida Pfizer vaksinasining birinchi dozasini qabul qilgan.

Bayden vaksinani o‘zi tug‘ilgan Delaver shtatida qabul qilgan. Unga yaqin siyosatchilardan bo‘lgan kongressmen Sedrik Richmondda koronavirus aniqlangach, Bayden vaksinani qabul qilishga qaror qilgan. Baydendan avval ham AQShdagi katta siyosatchilar vaksinani ommaviy tarzda qabul qilgandi. Xususan, vitse-prezident Mayk Pens, kongress yetakchilari Nensi Pelosi va Mitch Makkonnel ham vaksinaning birinchi dozasini tantanali tarzda qabul qilishgan (vaksina ikkita dozadan iborat bo‘ladi).

AQShda shu tariqa vaksinaning samarali ekaniga odamlarni ishontirish targ‘ib qilinmoqda. Jo Bayden va uning rafiqasi vaksinaning ikkinchi dozasini uch haftadan keyin qabul qiladi.

AQShda ayni damda 18 millionga yaqin odam koronavirus yuqtirgan. Kasallik 318 mingdan ortiq amerikalikning umriga zomin bo‘ldi. Butun dunyoda esa virus yuqtirganlar soni 77 millionga yaqinlashdi. Hozirgacha 1,7 milliondan ortiq odam koronavirus sabab vafot etdi.

Ma'lumot uchun, dunyoda eng ishonchli deb atalayotgan Pfizer kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi ko‘plab mamlakatlarda qabul qilish uchun yaroqli deb topilgan. Yevropa Ittifoqi ham a'zo mamlakatlari hududida ushbu vaksinadan foydalanishga ruxsat bergan. 20 dekabr kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ham Pfizer vaksinasini jonli efirda qabul qilgandi.

Pfizer 1849 yil AQShda tashkil etilgan dunyodagi eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Shtab kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan kompaniya germaniyalik asoschisi Karl Pfitser sharafiga Pfizer deb nomlangan. Umumiy kapitalizatsiyasi 200 milliard dollar atrofida bo‘lgan Pfizer 2019 yil yakunlariga ko‘ra 16 milliard dollardan ko‘proq sof foyda ko‘rgan. Koronavirus vaksinasi ustida tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlansa, korxona foydasi sezilarli oshishi kutilmoqda.

Mavzuga oid