Jahon | 00:16 / 23.12.2020
16985
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya og‘ir janglar borayotgan MARga 300 harbiy instruktor jo‘natdi 

Rossiya Markaziy Afrika Respublikasiga 300 harbiy instruktorni jo‘natdi. Ushbu davlatda oxirgi haftalar hukumat armiyasi va isyonchilar o‘rtasida og‘ir janglar bormoqda.

Foto: TASS

Rossiyalik instruktorlar Afrika davlatiga uning rahbariyati iltimosi bilan jo‘natilgan. Ular MAR milliy armiyasi harbiylarini o‘qitish bilan shug‘ullanishadi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida ta'kidlanishicha, MARga harbiy instruktorlarni yuborish zarurati hukumatga qarshi qurolli guruhlar mamlakat bo‘ylab harakatlanib, vaziyatni beqarorlashtirayotgani sababli yuzaga kelgan. Ta'kidlanishicha, ushbu guruhlar tashqaridan boshqarilmoqda.

21 dekabrda MAR hukumati vakili Anj Maksim Kazagi Rossiya mamlakatga bir necha yuz harbiy va og‘ir qurol tashlaganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, bu hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasida borayotgan janglar ortida amalga oshirilgan. Biroq Moskva ushbu axborotni na rad etgan va na tasdiqlagan. Rossiyaning MARdagi elchisi Vladimir Titorenko Afrika davlatida rossiyalik harbiylardan mudofaa vazirligining faqat 5 vakili borligini, yana 14 nafar rossiyalik harbiy BMTning MARdagi tinchlikparvar missiyasida xizmat qilishini ma'lum qilgan. Shu bilan birga, MARda Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalaridan birining jangchilari ish boshlagani haqida axborot paydo bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, ular poytaxt Bangidan 130 km uzoqlikda ruandalik yollanma jangchilar va MAR qurolli kuchlari vakillari bilan birga kuzatilgan.

MARdagi isyonchilar harakatining faollashuvi mamlakatda 27 dekabrda o‘tishi belgilangan prezident va parlament saylovlari bilan bog‘langan. Ma'lum qilinishicha, isyonchilarning uchta guruhi amaldagi prezident Fosten-Arkanja Tuaderaga ikkinchi muddatga saylanishga xalaqit berish maqsadida hukumatga qarshi bo‘lgan “O‘zgarishlar uchun vatanparvarlar koalitsiyasi”ga birlashgan. 

Mavzuga oid