O‘zbekiston | 12:07 / 24.12.2020
4671
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis vaksina samarasi qanday nazorat qilinishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov SSV matbuot xizmatining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan 3-faza klinik-sinov emlash jarayoni hamda vaksina qabul qilgan ko‘ngilli kishilar salomatligidagi o‘zgarishlar nazorati borasidagi savollariga javob berdi. 

— Covid-19 infeksiyasiga qarshi emlanganlar qanday gigiyenik qoidalar, turmush tarziga amal qilishi talab etiladi? 

—  Emlangan shaxslar birinchi navbatda qo‘lining vaksina yuborilgan qismini kun davomida yuvmasligi kerak. Shuningdek, bir hafta mobaynida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishi, xususan, spirtli ichimlik va boshqa zararli mahsulotlardan tiyilishi talab etiladi. Mavsumga mos ravishda kiyinib, gripp, yuqori nafas yo‘llari virusli kasalliklaridan saqlanishi lozim.

— Vaksina samarasi qanday nazorat qilinadi?

— Vaksina qabul qilgan kishi 7 kun davomida salomatligidagi o‘zgarishlarni qayd etib borishi zarur, misol uchun, bir kunda 2 marta tana haroratini o‘lchashi, emlangan joyidagi terida qizarish yoki shish paydo bo‘lish-bo‘lmasligini kuzatishi hamda holatini daftarga yozib borishi lozim. Agar boshqa kasalliklar bezovta qilib, dori vositasini iste'mol qilmoqchi bo‘lsa, albatta, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan poliklinika shifokorlari bilan maslahatlashishi zarur.

Ayni paytda dunyo miqyosida klinik-sinovlardan o‘tkazilayotgan barcha Covid-19 infeksiyasiga qarshi vaksinalar organizmga ikki marta yuborilishi kerak. Birinchi marta yuborilgach, bir oy davomida emlangan kishining salomatligi nazorat qilib turiladi va salbiy ta'sirlar kuzatilmaganda ikkinchi marta vaksina bilan emlanadi. 

Emlangan kishilar har oyda bir marta skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, ular organizmidagi antitanachalar paydo bo‘lishi, uning miqdori, immun tarangligi nazorat qilib turiladi va o‘zgarishlar kuzatib boriladi.

— Aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qay tarzda amalga oshirilmoqda?

— Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Xitoyning «Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical» kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 3 ta maxsus poliklinikada tibbiyot xodimlariga emlash jarayonlarining qoida va me'yorlari borasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ayni paytda ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida bilim-malakasini oshirgan 24 nafar shifokor va yana shuncha o‘rta tibbiyot xodimlari emlash ishlari bilan shug‘ullanmoqda. 

Bundan tashqari, ko‘ngillilarni emlash jarayoni O‘zbekiston va Xitoyning eng malakali shifokorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda Covid-19 infeksiyasiga qarshi vaksinaning 3-faza klinik-sinov emlash tadbirlarini o‘tkazish uchun joylarda barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Mavzuga oid