O‘zbekiston | 15:22 / 26.12.2020
17730
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi ochildi

Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi bitkazilgan edi. Bugun uning yana bir muhim bo‘g‘ini – Sergeli yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni ushbu transport obektini borib ko‘rdi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda yurib, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlat rahbarining doimiy e'tiborida bo‘ldi.

Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yerusti va yerosti yo‘llari bog‘langan.

Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yo‘nalishda 214 nafar xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin. Shu bois u ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li aksar hollarda tirband bo‘ladi. Oqibatda yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yerusti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratadi.

Oxirgi bekatda ushbu Sergeli yo‘nalishini Qo‘yliq yo‘nalishi bilan bog‘lash, yerusti metrosining keyingi bosqichlarini qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

- Ilgari Sergeliga metro kelishini birov tasavvur qilganmidi?! Mana, endi xalqimizga katta qulaylik paydo bo‘ldi. Yana bir tomoni, bu ekologik toza transport. Keyingi metro yo‘llarini ham aholiga ma'qul, qulay, xavfsiz, sifatli qilib qurish, xorij tajribasini o‘rganish kerak, - dedi davlat rahbari.

Poytaxtda aholi zich yashaydigan Qoraqamish, Ibn Sino, Toshkent traktor zavodi mavzelarida jamoat transporti tizimini yaxshilash, avtobus yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yerusti metrosi tagidagi sport maydonchasi ham ko‘zdan kechirildi, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid