SSV: O‘zbekistonda 16 mamlakat talabalari tibbiyot sohasida tahsil olmoqda
Hozirda O‘zbekistondagi 11ta tibbiyot oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarida 1500 nafarga yaqin xorijlik talaba tahsil olmoqda. Ular Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Ukraina, Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Bangladesh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston kabi 16ta mamlakatdan kelib tahsil olayotgan xorijiy talabalardir. Tibbiyot sohasiga ta'lim turizmini joriy etish loyihasining umumiy qiymati 2020–2021 o‘quv yilida qariyb 4 million dollarni tashkil etmoqda.
«Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ham yuqorida nomi keltirilgan mamlakatlardan 350 nafarga yaqin xorijiy talabalar tahsil olishmoqda. Hozirda Birlashgan Arab Amirliklari, Isroil, Indoneziya, Malayziya kabi 25dan ziyod mamlakat fuqarolari mazkur institutda tahsil olishga qiziqish bildirmoqda.
Xorijiy talabalarni jalb etish hamda ta'lim eksportini amalga oshirish oliy ta'lim muassasalarining moddiy barqarorligini ta'minlash bilan bir qatorda, ularning xalqarolashuviga ham zamin yaratadi. Hududlarning turizm hamda investitsion ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga xizmat qiladi. Talabalarning boshqa mamlakatga borib tahsil olishida u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ta'lim sifati va o‘quv muassasasining xalqaro mavqeyi muhim ahamiyatga ega.
Bu borada Buxoro davlat tibbiyot institutida ham keng ko‘lamli ishlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, institutning zamonaviy talablarga javob beradigan yangi 900 o‘rinli o‘quv binosi, 600 o‘rinli yotoqxona, 200 o‘rinli 4-darajali klinika va simulyatsion markazining qurilish ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda.
2020 yilda 5,5 milliard so‘m qiymatdagi mavjud 400 o‘rinli yotoqxona kapital ta'mirlanib, u yerda xorijiy fuqarolarning istiqomat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.
Buxoro davlat tibbiyot institutining bosh binosida AQShning PeopleHive LLC kompaniyasi bilan hamkorlikda talabalar uchun oshxona davlat-xususiy sheriklik asosida qayta ta'mirlanib, qiymati 500 million so‘mga teng loyiha amalga oshirildi.
Kuni kecha 2020-2021 o‘quv yilida Buxoro davlat tibbiyot institutiga qabul qilinib, pandemiya davrida o‘qishni o‘z mamlakatidan onlayn davom ettirib kelgan 40 nafar Hindiston fuqarolari (suratda) ta'limni an'anaviy shaklda davom ettirish uchun Dehli — Toshkent reysi orqali mamlakatimizga yetib kelishdi. Ular yo‘l harakati xavfsizligi va xavfsiz turizmni ta'minlash xizmati nazorati ostida Buxoro shahriga yo‘l olishdi. Ularning sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilgan holda ta'lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekistonda 50dan ortiq davlatdan 10 ming nafardan ziyod xorijlik talaba tahsil olishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning sentyabr oyida Buxoro davlat tibbiyot instituti Hindistonning Noida xalqaro universiteti bazasida o‘z filialini ochgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
15:54 / 25.11.2024
Hindistondagi kasalxonada vafot etgan erkak krematsiyadan oldin o‘ziga keldi
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024