O‘zbekiston | 15:40 / 02.01.2021
26171
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloqda bir tun: Navoiy viloyatidagi chorvadorlar ovuli - Keregetouda

Kun.uz ijodkorlari «Qishloqda bir tun» ruknining navbatdagi sonida Navoiy viloyatining poytaxtdan ancha uzoq, shu bilan birga mamlakatning asosiy tog‘-kon sanoati hududi bo‘lgan Tomdi tumanidagi Keregetou ovulida bo‘ldi.

Ovulgacha borish uchun avvaliga Navoiyning Qiziltepa tumani orqali Zarafshon shahriga, so‘ngra Tomdi tumani markaziga bordik. Undan yana 90 km.lar chamasi yo‘l yurib, quyosh botib, kun qorayganda manzilga yetib bordik.

Serikboy aka Nisanbayev xonadoniga tashrifimiz quvonchli kunlarga to‘g‘ri keldi. Hol-ahvol so‘rash va duodan so‘ng, har bir ota-ona farzandi kamolini ko‘rishni orzu qilganidek, yolg‘iz o‘g‘illari Armon Alimqulov erishgan natijani so‘zlab ketdi. 9-maktabning 10-sinfida tahsil olayotgan Armon Qozog‘iston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan hamda Qozog‘iston, Belgiya, Turkiya, Rossiya, Mo‘g‘uliston kabi 8 davlatdan 146 o‘quvchi qatnashgan xalqaro insho tanlovining Gran-prisini qo‘lga kiritgan.

Serikboy Nisanbayev

«Qozog‘iston ta'lim vazirligi o‘quvchi iqtidorini taqdirlash maqsadida mobil telefon, Navoiy viloyati hamda Tomdi tuman hokimligi bir donadan noutbuk sovg‘a qildi», – deydi Serikboy aka.

Qish kunlari emasmi, bizni ilk qiziqtirgan narsa – xonalarni qay yo‘sinda va nima bilan isitayotganlari bo‘ldi. Serikboy akaning aytishicha, azaldan ovullarga gaz kelmagan.

«Ammo, elektr toki ta'minoti uzluksiz», – deya so‘zlaydi u.

O‘tirgan xonamizda issiqlik tarqatib turgan qurilma e'tiborimizni tortdi. Serikboy aka «norpechka» deb atagan pechkaning qurilishi o‘ziga xos. Uning o‘tin yoqiladigan asosiy qismi birinchi xonada, pishgan g‘ishtdan qurilgan mo‘ri qismi ikkinchi xonada joylashgan. Bu yoqilg‘ini tejagan holda ikki xonani birdek isitish imkonini beradi.

Pandemiya sharoitida hayot qanday kechganiga qiziqamiz. Serikboy akaning so‘zlab berishicha, hech kim jiddiy bemor bo‘lmagan. Bir-ikki kishi yengil turlari bilan xastalangan xolos.

Bir necha yillar shu yerda shifokorlik qilib, Qozog‘istonga ko‘chib ketgan Kenisbek ismli shifokor, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilganda, Tomdida shuvoq va isiriq ko‘p bo‘lgani bois, xalqi ham, chorvasi ham viruslarga chidamli bo‘lishini aytgan ekan.

Serikboy aka bu yerlik aholining asosiy daromad manbayi bo‘lgan chorvachilik xususida ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, sobiq ittifoq davrida Tomdi tumanida qo‘y bosh soni 720 ming boshga, Keregitau ovulining o‘zida 120 mingga chiqqan vaqtlar bo‘lgan. Ammo teri va jun mahsulotlariga talab pasaygani bois bugungi kunda 10 ming bosh qo‘y borligi ma'lum.

«Bizda asosiy tirikchilik chorvachilikdan. Lekin bu yil chorvachilikka ham ancha qiyin yil keldi. Bahorda o‘t yaxshi o‘smadi. Bundan tashqari, bizni qiynaydigan eng katta muammomiz – ichimlik suvi masalasi. Buloq yoki artezian quduq yo‘q. Tog‘ tizmalaridan oqib chiquvchi sizma suvlarni yig‘ib foydalanamiz. 3 tonna suv uchun 2 soat vaqtimiz ketadi», – deydi Serikboy aka.

Uning aytishicha, sobiq ittifoq davridayam hududda chuchuk yerosti suvlarining manbasini aniqlash uchun geologik qazilma ishlari olib borilgan, ammo samarasiz yakunlangan.

Gapdan gap chiqib, suhbatdoshlarimiz Buxoro viloyatida ro‘y bergan tabiiy ofatning Tomdi tumanida kuzatilgan ayrim alomatlarini so‘zlab berar ekan, shundan keyin cho‘lda o‘t-o‘lan unmaganini ham alohida uqtirishdi.

Albatta, karantin haqida ham so‘z bordi. Serikboy aka koronavirus chiqibdi, karantin bo‘larkan, degan gap-so‘zlar chiqqach, ovulda oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashib ketgani haqida so‘zlab berdi.

Qishloqlarda bo‘lgan odatga ko‘ra, uzoq yo‘ldan mehmonlar kelganini eshitib, ovul oqsoqoli Sotiboldi Aydarbekov, tadbirkor va deputat Yelibay Aldanov hamda ovuldagi 9-maktab direktori Nauriz Tanatarovlar ham kelib, biz bilan suhbatlashishdi.

Sotiboldi aka tuman bir vaqtlar chorvachilikda katta natijalarga erishgani haqida so‘zlab berdi.

Yo‘l qurilishi bo‘limida ishlaydigan Serikboy aka rafiqasi Gulzira Abuovaning pensiyasi ozligidan ham shikoyat qildi. Uning aytishicha, 33 yil ovulda hamshiralik qilgan Gulzira opa 2018 yilda nafaqaga chiqqan. Qandli diabet xastaligi bois oxirgi 5 yilda oyiga yarim stavka ishlagani bois, pensiyasi kam hisoblanganini tushuntirishgan.

«Umuman ishlamaganlar ham 400 ming so‘m pensiya olishmoqda-da, sen 33 yil ishlab ulardan farqing nimada, 560 ming so‘m pensiya olayotganingdami, deyman ba'zida», – deydi Serikboy aka.

Safarimizdan esda qolgan yana bir narsa, Ovuldagi 9-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Nursulton Qodirovning o‘lan aytib bergani bo‘ldi. Qolaversa, iqtidorli o‘smir yigit Armonning maromiga yetkazib, chalgan mung to‘la sozini avtomobilimizda tinglash uchun yozib ham oldik.

Biz bu oilada ham bir kecha mehmon bo‘lib, bir tun tunab, tong ottirgach, Toshkent qaydasan deya, Tomdining Uchtepa, Nurotaning Qizilcha, Temirqovuq qishloqlari, Jizzaxning Forish tumanidan o‘tuvchi yo‘llar orqali Toshkentga yetib keldik. Shu bilan salkam 4 ming km.lik safarimiz poyoniga yetdi.

Tolib Rahmatov

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid