Jahon | 13:06 / 03.01.2021
29232
6 daqiqa o‘qiladi

Faqat Covid-19 emas. Insoniyat tarixidagi boshqa xavfli viruslar haqida

2020 yildagi eng ommabop va asabbuzar so‘z shubhasiz koronavirus bo‘ldi. Chindan ham bu virus zamonaviy tibbiyotda ilk pandemiya qayd etilishiga erishdi va butun dunyoni qamrab ola bildi. Ammo insoniyat shu kunga qadar ham dahshatli viruslar bilan olishib kelgan va ularning aksariyati o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha koronavirusni ancha ortda qoldirib ketadi.

Foto: AP Photo/Jerome Delay

Dunyoda inson kasallanishi bo‘yicha gripp (inflyuensa) kasalligiga teng keladigani yo‘q. Har bir odam deyarli har yili chalinadigan bu virus kasallanishlar soni bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi. Ammo o‘lim holatlari bo‘yicha o‘ta xavfli hisoblangan viruslar ham talaygina. Yaxshiki gripp yoki koronavirus ular toifasiga kirmaydi, yo‘qsa insoniyat qirilib bitgan bo‘lardi ehtimol.

Quyida e'tiboringizga kasallik o‘ta og‘ir kechuvchi va aksariyat hollarda o‘lim bilan yakunlanuvchi viruslar haqida ma'lumotlar havola etiladi.

Ebola

Kongodagi Ebola daryosi nomini o‘zlashtirgan bu virus nisbatan juda yosh hisoblanadi. Bu kasallik tarqalishi dastlab 1976 yilda qayd etilgan va o‘rganilgan. 2014-2015 yillarda Ebola butun dunyoni larzaga soldi. O‘shanda kasallik butun G‘arbiy Afrikaga tarqalib ketdi.

Manbasi ko‘rshapalaklar bo‘lgan virus kasallanganlar tanasidan ajralayotgan suyuqliklar orqali tarqaladi. Ya'ni uning havo orqali tarqalishi qayd etilmagan va bu juda yaxshi. Aks holda millionlarning yostig‘i qurishi aniq edi.

Lekin shunda ham anchagina ofat keltirgan bu virus tufayli 2014 yilda 11 ming, 2019 yilda 2 ming kishi nobud bo‘ldi. 2019 yilda bu virusga qarshi muvaqqat vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

SARS va MERS

SARS — og‘ir respirator sindrom, atipik pnevmoniya. Buning ham qo‘zg‘atuvchisi koronavirus, faqat nomi boshqacharoq – SARS-CoV. Dastlab Xitoyning Guandun muzofotida 2002 yilda qayd etilgan. 2003 yilda boshqa davlatlarga tarqalib ketgan.

Kasallanish ko‘rsatkichi past bo‘lgan, atigi 8437 kishi. Ammo o‘lim holatlari 813ta bo‘lgani jiddiy xavotirga solgan.

Yaqin Sharq respirator sindromi MERS esa ancha og‘ir kechgan. Uni koronaviruslar oilasidagi yana bir virus MERS-CoV chaqirgan. 2015 yilda boshlangan epidemiya tufayli 1595 kishi kasallikka chalingan bo‘lsa, ularning 571 nafari nobud bo‘lgan. 2019 yildagi holatda esa 2500 kishidan 900dan ortig‘i vafot etgan. Ya'ni bu kasallik tufayli o‘lim ko‘rsatkichi 30 foizdan ortib ketishi xavf darajasi yuqoriligini anglatadi.

Parranda va cho‘chqa grippi

1997 yilda Hongkongda ilk bor parrandalar grippi odamni ham zararlashi qayd etildi. O‘shanda 18 kishi kasallangan bo‘lsa, shundan 6 nafari vafot etgan. Haqiqiy epidemiya 2003 yilda kuzatiladi va 2008 yilga qadar 361 kishi bu kasallikka chalinadi. Bemorlar soni kam tuyulgani bilan o‘lim ko‘rsatkichi o‘ta yuqori edi – ularning 227 nafari vafot etgan. Bu kasallik tufayli millionlab parrandalar yo‘q qilib tashlanadi. Hozirgi kunda ham vaqti-vaqti bilan bu kasallik uchrab turadi.

Cho‘chqa grippi esa 2009 yilda Meksika va AQShda qayd etilgan va butun dunyoga tarqalib ketgan. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, bu virus 168 davlatdan topilgan. Tarqalish tezligi yuqori bo‘lsa-da, o‘lim ko‘rsatkichi oddiy grippga nisbatan ham past bo‘lgan bu kasallik tufayli shu vaqtgacha 2500 kishi nobud bo‘lgan. 2009 yilda unga qarshi vaksina ishlab chiqildi, 2010 yilda esa JSST bu kasallik jilovlanganini e'lon qildi.

OITS

Hammamiz SPID deb ataydigan bu kasallik haqidagi dastlabki xabar 1981 yilda paydo bo‘lgan. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromini yuqtirib olish yo‘llari turlicha va ularga to‘xtalishning hojati yo‘q.

Bugunga kelib mazkur kasallikka chalinganlar soni 38-45 mln kishini tashkil qiladi.

Bu kasallikka dunyo bo‘ylab nihoyatda katta e'tibor beriladi, milliardlab mablag‘ sarflanadi, oldini olish bo‘yicha targ‘ibotlar muntazam olib boriladi, bemorlarning hayotga integratsiyasi bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.

Dastlab bu virus shubhasiz o‘limga olib boruvchi, deb hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib tibbiyot rivoji bu kasallikni surunkali kasalliklar qatoriga qo‘shish imkonini yaratmoqda. Ya'ni ma'lum qoidalarga amal qilgan, muntazam davolanib turadigan bemor uzoq yashashi mumkin. Ammo bu virusga qarshi vaksina yo‘q.

1 dekabr JSST tomonidan butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni deb belgilangan.

Va nihoyat Covid-19

Roppa-rosa bir yil muqaddam aniqlangan bu virus chindan dunyoni larzaga soldi. Hali hech bir kasallik bu qadar iqtisodiy zarar yetkazmagan, harakatlarni cheklab qo‘ymagan.

Bu koronavirusning o‘lim ko‘rsatkichlari yuqoridagi viruslarniki kabi yuqori emas. Ammo Covid-19 bo‘yicha hali tadqiqotlar dastlabki bosqichda, uning mutatsiyalari qanday oqibatlarga olib kelishi ma'lum emas.

Umid tug‘dirayotgan jihati zudlik bilan vaksinalar ishlab chiqarilgani va sinab ko‘rilayotgani bo‘lmoqda.

Abror Zohidov

Mavzuga oid