Jahon | 11:47 / 06.01.2021
3380
2 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari Qatar bilan yarashuv kelishuvini imzoladi

Foto: Reuters

Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi sammiti ishtirokchilari Qatar bilan yarashuv haqidagi kelishuvni imzoladi. Endilikda arab davlatlari tomonidan Dohaga nisbatan 3 yil davom etgan blokada olinadi.

Imzolangan joyi tufayli “Al-Ula bayonoti” deb nom olgan ushbu kelishuv Qatardan blokadaning olinishi, u bilan barcha chegaralarning ochilishini nazarda tutadi. Kelishuv Bahrayn, BAA, Kuvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Qatar tomonidan imzolangan. Fors ko‘rfazi davlatlaridan tashqari, Misr ham Doha bilan havo aloqasini tiklashga rozilik bildirgan. 

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud ushbu qaror arab davlatlariga Qatar bilan diplomatik aloqalarni tiklashga imkon berishini, biroq Fors ko‘rfazi davlatlari oldida turgan bir qator muhim masalalar, jumladan terrorchilikka qarshi kurashish muammosini ko‘rib chiqishni yakunlash kerakligini aytgan.

Qatar va boshqa arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha muzokaralarda AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner ham ishtirok etgan. U tomonlar pozitsiyalarini yaqinlashtirishda va Dohaga qo‘yilayotgan talablarning yumshatilishida ko‘mak ko‘rsatgan.

2017 yilda Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va BAA Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishini e'lon qilgan. Bunga ushbu davlatlarning Dohani arab davlatlaridagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishda va terrorchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblashi sabab bo‘lgan. Keyinroq boykotga Yaman, Liviya, Maldiv, Mavrikiy, Mavritaniya, Komor orollari ittifoqi ham qo‘shilgan.

O‘z navbatida, Qatar o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va yakkalanishini o‘z suverenitetiga tajovuz deb atagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid