O‘zbekiston | 13:25 / 09.01.2021
35905
6 daqiqa o‘qiladi

Gazsizlik va «svet»sizlik: Qo‘rqinchli oqibatlar

Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab hukm surib turgan gazsizlik va «svet»sizlikning sabablaridan ko‘ra, oqibatlari haqida o‘ylash kishini ko‘proq qiynayapti. Tabiiy resurslarga boy mamlakat bo‘lsak-da, energiya taqchilligi aholimizni qay holga tushirib qo‘yganiga – ayanchli bugunimizga nazar tashlaylik.

Salomatlikka urilayotgan zarba

Qishda uylarning yaxshi isitilmasligi odamlar uchun koronavirusdan ko‘ra xavfliroq. Zero, ko‘chada sovuqqa dosh bergan inson organizmi uyga qaytganda isinishni «istaydi». Inson uyda-yu ko‘chada – muttasil sovuqqa dosh berolmaydi, zero, immun tizimi «charchaydi». Bunday «virus» keltiradigan zararning statistikasi esa yuritilmaydi.

Kundan kunga, yildan yilga takrorlanuvchi bunaqa holat – sovuq uy «fenomeni» xalqning umumiy salomatligiga putur yetkazadi. Bu esa hayot sifati tushadi, kayfiyat tushadi, asablar taranglashadi degani... Ko‘p kasal bo‘lish oqibatida topilgan mablag‘ning katta qismi dori-darmonga sarflanadi.

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, qish kelib, gaz va «svet» yo‘qligidan aziyat chekib yashaydigan hududlarda aholining topgan daromadi 3 ta asosiy ehtiyojlarga ketadi: oziq-ovqat, o‘tin (ko‘mir) va dori-darmon.

Qolgan ehtiyojlar chetga suriladi, ko‘klam kelgunicha «navbat kutadi».

Ijtimoiy madaniyatga urilayotgan zarba

Qishning sovuq kunlarida hamma ham issiq uyda yashagisi, uyquga yotishidan avval va uyg‘onganidan so‘ng issiq suvda yuvingisi keladi.

Yaxshi sharoitda haftada bir yoki bir necha marta cho‘milgan inson sharoitsizlikda oyda bir cho‘milsa ham katta gap...

«Ko‘ylak, uning ustidan yana ko‘ylak». Qishda uy ichida kiyiladigan ust-bosh ham, kayfiyat ham xona haroratiga yarasha bo‘ladi. Erkag-u ayol – hammaning tashqi qiyofasi ham shu zaylda chiroyini yo‘qotib boraveradi. Yangi kiyimga atalgan pullar o‘tin va doriga sarflanadi.

Sovuqdan tarasha bo‘lmaslik tashvishi kishi tashqi ko‘rinishining abgorlashuvi bilan uyg‘unlashib ketadi.

«12 kishi bir xonada yashayapmiz», deydi gaz tarmog‘idan uzib tashlanganiga 10 yildan oshgan, elektr toki sutkasi 4 soat yonadigan qishloqlardan birida yashovchi bir otaxon. Bunaqa holat minglab oilalarning qismatiga aylangan.

Qishloq joylarda qish kelishi bilan yosh-u-qari, o‘g‘il-qiz, va hatto kelin-kuyovlar hamma bir xonaga jam bo‘lishi va shu zaylda qishlashi yangilik bo‘lmay qoldi. Masalaning boshqa ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tirishni ep ko‘rmadik. Zero, hayotning bu achchiq sinovlarini boshidan kechirayotgan zamondosh gap nima haqida ketayotganini oson fahmlaydi.

Ta'lim va tafakkurga urilayotgan zarba

O‘zga sayyoralar tadqiq qilinayotgan XXI asrda O‘zbekistonda gaz va «svet» bilan bog‘liq muammolar kun tartibidan tushmayapti. Muammoning yildan yilga bo‘y cho‘zib borayotgani esa, shundog‘am oqsoq ta'limni tobora «nogiron»likka yetaklab bormoqda.

Sham yog‘dusi ostida tayyorlanadigan uyga vazifa bolalarning ongida voqelikning «o‘ziga xos» – rivojlanishdan xoli modelini shakllantiradi. Ota-onasining tashvishi uyni isitish va davolanishdan iborat ekanini ko‘rgan bolalarning tafakkuri ham shunga mos ravishda shakllanib boradi.

«Muzlayotgan» tadbirkorlik va avj olayotgan ishsizlik

Tadbirkorlarimiz ko‘paymoqda, ammo ularning aksariyati – savdogarlar. Ishlab chiqaruvchilarning salmog‘i kam. Ayniqsa chekka hududlarda.

Chunki gaz va «svet» bo‘lmagandan keyin, ishlab chiqargandan ko‘ra olib-sotib qo‘ya qolgan afzal – istalgan tadbirkorlik yo‘nalishini olsangiz, tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga bevosita bog‘liq. Shundan kelib chiqilsa, tadbirkorning tilini, qo‘lini uzun qilishga har qancha harakat qilinmasin, befoyda – u boy bo‘lolmaydi, boshqalarni ham boy qila olmaydi.

Masalan, havoning sovib ketishi sabab bir marta butun boshli issiqxonasidagi bor hosilidan ayrilib qolgan dehqonning keyingi rejalarini bashorat qilish qiyin emas...

Endi biroz xulosa

Mustaqillikka erishganimizga 30 yil bo‘lyapti. Haqiqatni o‘zimiz uchun tan olaylik – buncha davr oralig‘ida ba'zi mamlakatlarda oldinga katta qadamlar tashlanadi, hayot tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketadi. Qanday qilib?

Gap shundaki, yuksalish yo‘lida qilinadigan ishlarning tadriji – ketma-ketligi bor. Mazkur ketma-ketlikka amal qilinmas ekan, qancha loyihalar amalga oshirilmasin, odimlab bo‘lmaydi.

Qish kunlarida uyini isitish g‘ami bilan yurgan ota-onalarning ongidan boshqa narsalar chiqib ketadi. Elektr energiyasiz yoki gazsiz qolgan ishlab chiqaruvchining g‘ami korxonasini rivojlantirish emas, balki saqlab qolish yoki eson-omon tugatish bo‘lib qoladi.

Oddiy maishiy muammolar bilan o‘ralashib yurgan vatandoshning qulog‘iga ulkan islohotlar haqida aytilayotgan gaplar kirarmidi?

O‘zi-ku mayli, yosh bolalari va keksa ota-onasi sovuq uyda o‘tirgan bo‘lsa, unda u uchun «islohot» so‘zining o‘zi yoqimsiz, tushunarsiz, nafratini qo‘zitadigan so‘zga aylanib qoladi.

Bu so‘zga ishonch hosil bo‘lishi uchun esa birinchi darajadagi maishiy muammolar girdobidan chiqib olish kerak. Oddiy haqiqat shu. Bor kuchni shunga safarbar etish kerak.

Dilshod Abduqodirov

Mavzuga oid