Iqtisodiyot | 09:32 / 10.01.2021
8735
7 daqiqa o‘qiladi

Raqamli valutalar: qanday xavflar bor?

Pandemiyaning «inqilobiy» kuchi

Texnologik taraqqiyot natijasida moliyaviy bozorlarning virtuallashuvi raqamli va kriptovaluta bozorlariga yanada jon bag‘ishladi. Bu jarayon koronavirus pandemiyasi ortidan o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarildi.

Odatda, o‘nlab yillar davom etadigan o‘zgarishlar epidemiya ta'siri tufayli bir yil ichida sodir bo‘ldi. Masalan, yaqinda Shveytsariya Markaziy banki «blokcheyn» texnologiyasiga ega elektron kronni bozorga olib chiqdi. Bagama Markaziy banki ayni shu dasturni 2020 yilning oktyabr oyida joriy qilgandi. Shuningdek, dunyodagi eng yetakchi iqtisodiyotga ega davlatlardan biri bo‘lgan Xitoy Markaziy banki moliya bozorlariga raqamli valuta chiqarishga hozirlik ko‘rmoqda. Mazkur jarayon 2035 yilgacha yakunlanishi kutilmoqda.

Ushbu o‘zgarishlar yangi global moliyaviy tizimdan darak bermoqda. Mazkur o‘zgarishga kriptovalutalar va ularning orasida eng taniqlisi bo‘lgan Bitcoin’ga bo‘lgan talabning tez sur'atlarda o‘sib borishi katta turtki berdi. Ayniqsa, keyingi paytlarda AQSh va Buyuk Britaniyadagi ko‘plab investitsiya kompaniyalari o‘zining millionlab dollarlik sarmoyalarini kriptovalutalar foydasiga ishlatishini e'lon qildi. Bundan tashqari, Meksikaning eng yirik ommaviy axborot vositalariga egalik qiluvchi milliarder Rikardo Salinas Twitter’da likvid aktivlarining 10 foizini Bitcoin’ga kiritganini e'lon qildi.

Qiziqish ortib bormoqda

Bitcoin’ga asoslangan jonli bozor kriptovaluta bozorlariga shubha bilan qarovchi ba'zi iqtisodchilar va institutlar fikrlarining ijobiy tarafga burilishiga olib keldi. Masalan, jarayon boshida kriptovaluta bozorlariga shubha bilan qaragan taniqli iqtisodchi Nuriel Rubini Yahoo Finans jurnalistlariga bergan intervyusida avvaliga o‘zi «yomon pul» deb atagan Bitcoin’ni «qisman sarmoya» vositasi sifatida ko‘rishini ma'lum qildi.

Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov ham butun dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan ushbu o‘zgarishni yaqqol tasdiqladi. So‘rov natijalariga ko‘ra, 2020 yil dunyo miqyosida markaziy banklarning raqamli pul tizimlariga qiziqishi oldingi yildagiga nisbatan 10 foizga oshgan. Ayni paytda yana bir ahamiyatli jihat shundaki, ushbu banklarning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlarning markaziy banklari hisoblanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar o‘z yosh aholisining yangiliklarga moslashish tezligi, yangi texnologik o‘zgarishlarda davlatning yetakchi rol o‘ynashi kabi ba'zi bir afzalliklardan foydalangan holda pullarning raqamlashuvi jarayonida karvonboshilik qilmoqda.

Raqamli valuta tizimidagi ushbu o‘zgarishlarda Yevropaning ba'zi yetakchi davlatlari va AQSh sekinroq harakat qilmoqda. Xususan, Yevropada onlayn to‘lov tizimlarida xususiy korxonalar kuchining yetishmasligi raqamli valuta sohasidagi o‘sishga eng katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. An'anaviy moliyaviy vositalarga sodiqligi bilan mashhur bo‘lgan AQShda esa Facebook’ning «Libra» deb nomlangan yangi kriptovalutasi va PayPal boshchiligidagi ba'zi kompaniyalarning to‘lovlarda Bitcoin’ni qabul qila boshlashi aksariyat G‘arb banklarini raqamli pullarga o‘tish masalasini yana bir bor ko‘rib chiqishiga undadi. Kanada Markaziy banki vitse-prezidenti Timoti Leynning matbuot anjumanida Covid-19 tufayli tezlashgan onlayn faoliyatlarga raqamli pullar va yangi mahsulotlar bilan tezroq javob berish lozimligini ta'kidlagani bu boradagi eng so‘nggi misollardan biri bo‘ldi.

Bugungi kunda texnologiya va moliyaviy infratuzilmalar jadal rivojlanmoqda. Ammo pul o‘tkazmalarida ishlatiladigan EFT va SWIFT kabi klassik usullar hamon sekin va qimmat bo‘lib qolayotgani bor gap. Naqd pulsiz dunyo juda kam o‘g‘irlik hodisalari, moliyaviy xizmatlarning arzonligi, bank va boshqa majburiy qaramliklarsiz mobil telefoni orqali bank xizmatlari va operatsiyalarini kuzatish – budjet nazorati kabi ko‘plab afzalliklarini taqdim etmoqda. Shuningdek, shaxsiy daromadlardan tashqari, jamoatchilikning moliyaviy operatsiyalarni tezroq amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishi va coin’lardan olingan daromadlarga soliq solinishi jamiyat va davlatning foydasiga ishlashi mumkinligi ta'kidlanmoqda.

Qanday xatarlar bor?

Afzalliklar bilan bir qatorda raqamli valutalarning kamchiliklari ham bor. Eng asosiy kamchiliklardan biri – dasturiy ta'minot xavfsizligi bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinayotgan ma'lumotlar buzilishi bilan bog‘liq xabarlarni hisobga olib aytish mumkinki, axborot xavfsizligi chindan ham jiddiy muammo bo‘lib turibdi. Moliyaviy texnologlar yangi kriptografik tizimlarning va'dalariga qaramay, yangi tizimning shaffoflik, barqarorlik va ishonchlilik jihatidan mukammallikka erishishi uchun yana 5-10 yil vaqt ketishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Qolaversa, davlatlar yoki mustaqil auditorlik tashkilotlari nazorati ostida bo‘lmagan kriptovalutalarning noqonuniy faoliyatlarda qo‘llanilishi ham juda muhim va xavfli masala bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (IMF) tomonidan oktabr oyida e'lon qilingan hisobotda zarur qonuniy tartiblarga ega bo‘lmagani sababli Markaziy bank raqamli valuta tizimlarining (CBDC) noqonuniy moliyalashtirishga yo‘l ochib berishidan va mahalliy hokimiyat organlarining kapital oqimini nazorat qilishini qiyinlashtirishidan xavotir olinayotgani bildiriladi.

Hisobotda, shuningdek, tegishli xavfsizlik choralarisiz raqamli valutalarning iste'molda qo‘llanishi markaziy banklar samaradorligini susaytirishi mumkinligi aytiladi. Yana bir muhim ogohlantirishlardan biri pul-kredit siyosatidagi zaiflik valutalarni beqarorlikka olib borishi bilan bog‘liq.

Qanday tavsiyalar bor?

Covid-19 vaksinasining kashf etilishi va ommaviy emlash jarayonlariga kirishilishi ortidan dunyo miqyosida iqtisodiy masalalarga e'tibor kuchaydi. Raqamli va kriptovalutalar epidemiyaning chuqur iqtisodiy ta'sirini yo‘qotish va pandemiyadan so‘ng paydo bo‘la boshlagan yangi moliyaviy imkoniyatlarga hozirlik ko‘rgan dunyo iqtisodiyoti uchun xatarlardan qochish yo‘lidagi jiddiy imkoniyatlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Mana shunday vaziyatda markaziy banklarning o‘z raqamli valutalarini chiqarishi o‘zgaruvchan texnologiyalar bilan hamnafas bo‘lish va iste'molchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlardan himoya qilish nuqtayi nazaridan foydali bo‘ladi.

Mavzuga oid