Jamiyat | 20:00 / 16.01.2021
10148
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Toshkentda Milliy kino san'ati haftaligi qanday o‘tdi?

Kino san'ati insonning didi va madaniyatini oshiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek milliy kino san'atini rivojlantirishga bo‘lgan e'tibor tobora kengayib bormoqda. Shaxsan davlat rahbarining tashabbusi bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan yurtimiz bo‘ylab 11 yanvardan 11 fevralga qadar “Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi va uning doirasida “O‘zbek milliy kino san'ati haftaligi” ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Kinohaftalik davomida Yoshlar ijod saroyida kino san'atini sevuvchi mehmonlar ishtirokida haftalikning ochilish marosimi, estrada yulduzlari tomonidan shou-konsertlar, “Men terrorchi emasman”, “Sumbul” filmlarining ilk namoyishi barcha tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston – bizning diyorimiz” mavzusida bolalar uchun tashkil qilingan ijodiy tanlov va multfilmlar namoyishi kichik mehmonlarga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

Dastur davomida 2021 yilning yangi kinoloyihalari bo‘yicha pitching tashkil etilib, unda Akbar Bekturdiyevning «Uzbechka», Jahongir Ahmedovning “Bo‘ysunmas”, Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Mirmaqsud Oxunovning “So‘nggi darvesh”, Abdusamat G‘aniyevning “Yig‘lamas” va shu kabi kinoloyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, yosh kinoijodkorlarni qo‘llash maqsadida joriy etilgan pitching tizimi ham kinohaftalikning muhim voqeasiga aylandi.

Yurtimiz bo‘ylab zamonaviy va shinam kinoteatrlarning soni ortib borayotgani kinoixlosmandlarini yanada xursand qilmoqda. Haftalik doirasida poytaxtimizda yana bir yangi kinoteatr - “Riviera”ning ochilish marosimi tashkil etildi.

“Riviera” kinoteatri zamonaviy dizayni va o‘zining jozibasi bilan har qanday tomoshabinni mahliyo etadi.

Hujjatli kino sohasini yanada rivojlantirish maqsadida “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Xalq yuragi" nomi ostida suratga olinishi kutilayotgan 24 qismli turkum filmlar loyihasining yaratilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

O‘zbek kino san'atida suratga olinayotgan badiiy filmlarning xalqaro miqyosda katta o‘rinlarni egallashi va e'tirof etilishi nazarda tutilgan holda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazish yuzasidan xalqaro ekspertlar ishtirokida konferensiya uyushtirildi.

Kino sohasida ham boshqa sohalar kabi ustoz-shogird an'anasi bardavom bo‘lsa, shuningdek, professional mutaxassislar ko‘magida yosh kinoijodkorlarni tarbiyalash avlodlar almashinuviga turtki bo‘ladi. Shu jihatdan kinohaftalikda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek tomoshabinlariga “Baron” filmi bilan yaxshi tanilgan mahoratli aktyor Farhod Mahmudov, taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev va Ayub Shahobiddinov, ssenarist Shoira G‘iyosovalar ishtirokida mahorat darslarining tashkil etilgani ham yoshlarda yanada motivatsiya uyg‘otdi.

“O‘zbekkino” tarixida ilk marotaba o‘tkazilgan kasting esa yosh kinoijodkorlarga yana bir marta shijoat bag‘ishladi.

wV4S180C5RtixpkWaKYkO8m7iDgsm8vT.jpg (1280×853)

Kinohaftalikning beshinchi kuni Yoshlar ijod saroyida o‘zbek kino san'atining yorqin vakillari, estrada yulduzlari, kinoijodkorlar poyiga ramziy “qizil yo‘lak” to‘shaldi.

Haftalikning so‘nggi kuni "O‘zbekkino" Milliy agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, atoqli rejissyor va pedagog Shuhrat Abbosovni munosib xotirlash maqsadida agentlik rahbariyati va bir qator kinoijodkorlar, soha mutaxassislari "Chig‘atoy" qabristoniga tashrif buyurib, marhumning qabriga gulchambar qo‘yishdi. Joriy yil ustoz san'atkorning 90 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi.

“O‘zbek milliy kino san'ati haftaligi” doirasida viloyatlarda ham ijodiy uchrashuvlar, filmlar namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid