Jahon | 21:21 / 26.01.2021
15466
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng qimmat brendlar ma'lum qilindi  

Britaniyaning Brand Finance konsalting kompaniyasi dunyoning eng qimmat brendlari an'anaviy reytingini e'lon qildi. 5 yil ichida birinchi marta Apple eng qimmat brend nomini o‘ziga qaytara oldi. 

Foto: Kevin Frayer / Getty Images

Apple brendining qiymati 263,3 mlrd dollarga baholangan. Kompaniya o‘z brendi qiymati 200 mlrd dollardan oshgan tarixdagi ikkinchi kompaniyaga aylandi. Bunday ko‘rsatkichga 2020 yilda birinchi bo‘lib Amazon erishgan edi. Jyeff Bezos kompaniyasi 2018 yildan 2020 yilgacha reytingda yetakchilik qilib kelgandi.

Apple oxirgi marta eng qimmat brend bo‘lgan 2016 yildan beri deyarli 2 karra qimmatlagan – 5 yil avval u  145,9 mlrd dollarga baholangan. Ta'kidlab o‘tish joiz, bir yil ichida ushbu brend 87 foizga qimmatlagan. Brand Finance bu bahosini brendning texnologik kompaniyalar biznesi diversifikatsiyasi bilan tushuntirmoqda.

2-o‘rinni oxirgi 3 yil yetakchisi Amazon egallagan. Ushbu brend qiymati 254,2 mlrd dollarga baholangan. 2020 yildan beri uning qiymati 15 foizga oshgan. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, internet-reteyler pandemiya va uning ortida kiritilgan cheklovlardan foyda ko‘ra olgan sanoqli kompaniyalardan biri hisoblanadi. 

3-o‘rinni Google brendi egallagan. U 191,2 mlrd dollarga baholangan. Brend bir yil ichida bor-yo‘g‘i 1 foizga qimmatlagan. “Google pandemiya natijasida tarixda birinchi marta daromadining pasayishini qayd qildi. Kompaniya daromadining katta qismi reklamadan olinadi, ushbu segment esa o‘tgan yil marketing budjetlari qisqarishi sababli kuchli ziyon ko‘rdi”, deb tushuntirishgan tahlilchilar. 

Shuningdek, reytingning yetakchi o‘ntaligidan Microsoft (140,4 mlrd dollar), Samsung (102,6 mlrd dollar), Walmart (93,2 mlrd dollar), Facebook (81,5 mlrd dollar), ICBC (bank xizmatlari, 72,8 mlrd dollar), Verizon (telekommunikatsiya, 68,9 mlrd dollar) va WeChat (ijtimoiy tarmoq, 67,9 mlrd dollar) brendlari joy olgan.

Umuman olganda, reytingga kiritilgan 500 kompaniyadan 204tasi AQSh, 75tasi Xitoy, 34tasi Yaponiya, 33tasi Fransiya, 22tasi Germaniya va 19tasi Britaniya kompaniyalari hisoblanadi.  

Ta'kidlab o‘tish joiz, bir yil ichida eng ko‘p qimmatlagan brend Tesla bo‘lgan. U 2020 yil davomida 158 foizga qimmatlab, qiymati 32 mlrd dollarga yetgan. Eng qimmat avtomobil brendi deb Toyota tan olingan. Yapon kompaniyasi brendi 59,4 mlrd dollarga baholangan. 

Mavzuga oid