O‘zbekiston | 17:55 / 26.01.2021
8726
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilanishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qonun loyihasida O‘zbekistonda 30 iyulni Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilash ko‘zda tutilgan.

Loyihani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi ishlab chiqqan.

Ma'lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasi 2011 yilda qabul qilgan rezolyutsiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlikni ta'minlash bilan bog‘liq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar o‘rnatish maqsadida 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni (International Day of Friendship) sifatida belgilangan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 130dan ziyod millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a'zolari istiqomat qiladi. Mamlakatda 141 ta milliy madaniy markaz bor.