Iqtisodiyot | 18:44 / 28.01.2021
7688
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 2023 yilda inflatsiyani 5 foizga tushirishga qat'iy ishonmoqda

Markaziy bank rahbarining o‘rinbosari Behzod Hamroyev 2023 yilda inflatsiya ko‘rsatkichi 5 foizga erishilishiga ishonadi. Moliya vazirligining prognozi esa 7-8 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston Markaziy banki 2023 yilda inflatsiya ko‘rsatkichini 5 foiz darajasiga tushirish maqsadidan og‘ishmay harakatlanadi. Bu haqda Markaziy bank raisining o‘rinbosari Behzod Hamroyev 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda rivojlanishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi bo‘yicha 2021 yilda inflatsiya darajasi 9-10 foiz, 2022 yilda 10-11 foiz, 2023 yilda esa 7-8 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Bu Markaziy bank tomonidan 2022 yilda inflatsiyani 8 foizgacha va 2023 yilda 5 foizgacha tushirishni rejalashtirgan prognozlarga zid keladi.

«Davlat budjeti makro ko‘rsatkichlarida Markaziy bankning target yo‘nalishidan farqli taraflari bor. Har bitta vazirlik, idora o‘zining mustaqil prognozlarini belgilashi mumkin. O‘ylaymanki, 5 foizlik targetga 2023 yilda albatta erishamiz. Buning to‘liq imkoniyatlari bor.

5 foiz qaysidir ma'noda Markaziy bank xohlaganligi uchun emas, buning aniq hisob-kitoblari inobatga olinmoqda.

Biz uchun asosiy inflatsiyadan tashqari Markaziy bank uchun bazaviy inflatsiya muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu tartibga solinadigan yoki mavsumiy tovarlar narxining o‘zgarishi chiqarilib alohida monetar omillar – talab va taklif omillari hisobiga vujudga keladigan inflatsiya.

Biz asosan prognozlarimizni ishlab chiqishda birinchi bo‘lib bazaviy inflatsiya trayektoriyasini prognoz qilib olamiz. Keyin uning ustiga tartibga solinadigan raqamlar o‘zgarishi bo‘yicha raqamlar qo‘shiladi.

2021 yilda tartibga solinadigan tovarlar narxlari o‘zgarmaydigan bo‘lsa, baribir erkinlashtirish 2022 yilga to‘g‘ri keladi. Katta qismi 2022 yilda, ma'lum bir qismi 2023 yilda bo‘lishi mumkin.

2021 yil va 2022 yil boshlari ma'lum ma'noda bazaviy inflatsiyani pasaytirib olishga imkon beradi.

Shuning uchun 2022 yilda ham prognozlarimiz 10 foizdan past, lekin 8 foiz atrofida inflatsiyani belgilab olganmiz. Buning ichida tartibga solinadigan narxlarning o‘sish ta'siri bor. 2023 yilga kelib esa albatta 5 foizga tushiriladi», – dedi Markaziy bank rasmiysi.

Behzod Hamroyev inflatsiya prognozi trayektoriyasida Markaziy bank va Moliya vazirligi prognozlari o‘rtasida (ular 2021 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqqan) farqlar mavjudligini tan oldi, chunki «har bir organ o‘z mustaqil prognoziga ega bo‘lishi mumkin».

O‘tgan yili noyabr oyida hukumat 2021 yilda gaz va elektr energiyasi tariflarini o‘zgarishsiz ushlab turish niyati borligi ma'lum bo‘ldi. Markaz bank rahbariyatining fikricha, bu inflatsiyani 10 foizdan pastga tushirishning muhim omillaridan biridir.

Agar energiya narxlarini liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning aksariyati 2022 yilda, qolganlari 2023 yilda qabul qilingan bo‘lsa, unda bu «asosiy inflatsiya darajasini shu vaqtgacha pasaytirishga vaqt va imkoniyat beradi».

Ma'lumot uchun, Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yil davomida inflatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etganini e'lon qilgandi. 

Prezidentning parlamentga murojaatnomasida Markaziy bankka 2021 yilda inflatsiya ko‘rsatkichini 10 foiz darajasiga tushirish vazifasi belgilangandi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi asosiy xatarlar oziq-ovqatlar bozoridagi qisqa muddatli tendensiyalar bilan ham bog‘liqligini qayd etgan edi.

Mavzuga oid