O‘zbekiston | 21:36 / 29.01.2021
102420
2 daqiqa o‘qiladi

Dilmurod Nabiyev lavozimidan ozod etildi

Dilmurod Nabiyev O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni imzolangan.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

«Dilmurod Hamidullayevich Nabiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimidan ozod etilsin», deyiladi prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan farmonda.

Dilmurod Nabiyev 2018 yil iyulidan buyon vazirlikka rahbarlik qilib kelayotgandi. Hozircha uning keyingi faoliyati xususida ma'lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yaqin kunlarda bir nafar hokim va vazir lavozimini tark etishini ma'lum qilgandi.

«Bir hafta ichida kadrlar masalasi bo‘yicha bir qarorga imzo qo‘yaman. Biz ishongan ayrim amaldorlar aravani tortmayapti. Ular sadoqatli odam, lekin ishni bajara olmayapti. Shuncha va'zxonlik yetadi, ularga qancha imkoniyatlar berdik, ammo samarali natija ko‘rsatishmadi. Boshqacha ishlash vaqti keldi», degandi prezident.

Ma'lumot uchun, bungacha 2021 yil boshidan buyon ikki vazirlikda rahbarlar almashgandi - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov hamda Uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri Muzaffar Soliyev ishdan olingandi.

Mavzuga oid