Eronda 6 oy ichida ikkinchi sportchi qatl etildi
Eronning Dizful shahridagi turmada 30 yoshli kurashchi Mahdi Ali Husayniy qatl etildi. Bu haqda Eron milliy qarshilik kengashi NCRI ma'lum qildi.
Husayniy 2015 yilda ommaviy mushtlashuv vaqtida odam o‘ldirishda ayblangan. Qurbonning oilasi sportchini afv etishni rad etgani sababli unga chiqarilgan o‘lim jazosi o‘z kuchida qolgan.
Eronlik kurashchi, Olimpiya chempioni Hamid Suryan qurbonning oilasidan Husayniyga rahm-shafqat ko‘rsatishni so‘ragan, biroq bu urinishlar besamar yakunlangan.
Olimpiya o‘yinlarida kurash sportini nazorat qiluvchi United World Wrestling (UWW) tashkiloti sportchining qatl etilishi bilan bog‘liq holda bayonot berdi. Jumladan, bayonotda Husayniy milliy yoki xalqaro musobaqalarda ishtirok etmagani, u faqatgina hududiy musobaqalarda qatnashgani ta'kidlangan. UWW vaziyat bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lmaguncha sportchining qatl etilishiga izoh bermasligini aytgan.
2020 yil sentyabrda 27 yoshli eronlik kurashchi Navid Afqariy qatl etilgandi. Afqariy 2018 yil yozida Eronda o‘tgan norozilik namoyishlarida ishtirok etgan. Shundan keyin u politsiyachini o‘ldirish ayblovi bilan hibsga olingan. Biroq huquqni himoyalash tashkilotlari sportchi qiynoqlar ostida jinoyatni o‘z bo‘yniga olishga majbur bo‘lgani, u siyosiy motivlargagina ko‘ra qatl etilganini ta'kidlashgan.