O‘zbekiston | 08:07 / 29.01.2021
10825
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarga oid davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Konsepsiya BMTning «Yoshlar–2030» strategiyasida belgilangan «Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, ular bilan ishlash» bosh tamoyiliga asoslanadi. Hujjat bilan Konsepsiyani 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Konsepsiya 2023 yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli «yo‘l xaritalari» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
 
Yoshlar ishlari agentligiga vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshirish topshirildi:

  • 2022 yildan boshlab har yili 1 dekabrga qadar tegishli «Yo‘l xaritasi» bajarilishi yakunlarini batafsil o‘rganish asosida keyingi yil uchun «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • tegishli «yo‘l xaritalari»ning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish.

Konsepsiyada quyidagi vazifalarni bajarish nazarda tutilgan:

  • yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish;
  • ta'limning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli ta'lim olishini ta'minlash, hududlarda inklyuziv ta'lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish;
  • yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish;
  • yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlashga qaratilgan «Besh muhim tashabbus»ni amalga oshirish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor yoshlar, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, yetim bolalar, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqalar.

«Yo‘l xaritasi»ga muvofiq rejalashtirilgan ayrim tadbirlar:

  • «Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish;
  • BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi bo‘yicha yoshlar ishtirokida keng doirada muhokamalarni tashkil etish;
  • O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va «Yoshlar murojaati» elektron platformasini shakllantirish;
  • yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalariga grant mablag‘lari ajratish;
  • xalqaro yosh tadbirkorlar biznes forumi va startap tadbirlarini o‘tkazish;
  • maishiy zo‘ravonlikka uchrayotgan yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularni himoya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • «Biz birgamiz» shiori ostida volontyorlar forumini tashkil etish; 
  • barcha mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchilarning inson omilidan zarar ko‘rish holatlarining oldini olish maqsadida hududiy monitoring guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • 2021 yil yakuniga qadar 102 ta tuman (shahar)da raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish.

Mavzuga oid