Jamiyat | 19:52 / 03.02.2021
12891
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Azizov: Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi ishdan bo‘shatilmagan

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgani haqida xabar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov Kun.uz muxbiriga bergan izohida bu xabarlar asossizligini ma'lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning ishdan ketgani haqida turli yolg‘on xabarlar tarqaldi. Bu xabar mutlaqo asossiz bo‘lib, buni kim va nima maqsadda tarqatgani bizga qorong‘i.

Barchaga ma'lumki, vazirlik matbuot xizmati pandemiya davrida koronavirus va yurtimizdagi pandemik vaziyat haqida birinchi manba sifatida axborot tarqatib turibdi. Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab tibbiyot sohasiga oid barcha mediainformatsiyalar bevosita matbuot kotibining ishtirokida uzatilishi barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga yaxshi ma'lum. Matbuot xizmati vazirlikning axborot siyosatini amalga oshiruvchi tuzilma sifatida tizimda mustahkam o‘ringa ega.

Shuningdek, xizmat rahbari Furqat Sanayevning 2020 yilda og‘ir pandemiya sharoitida qilgan mehnatlari e'tirof etilib, O‘zbekiston milliy axborot agentligining «Yilning eng faol matbuot kotibi» mukofoti bilan taqdirlangani ham fikrimizga isbot bo‘la oladi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, vazirlik matbuot kotibining lavozimidan ozod etilishiga hech qanday asos yo‘q», degan Abdulla Azizov.

Mavzuga oid