O‘zbekiston | 13:06 / 03.02.2021
14260
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mahkumlar zararli ishlarda ishlaydimi? IIV mas'uli izoh berdi

O‘zbekistonda mahkumlar zararli va zaharli mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jamshid Sultonov ushbu mavzudagi savolga quyidagicha javob berdi:

«Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar muassasa hududida joylashgan ishlab chiqarish korxonasida yoki butunlay qo‘riqlanishi ta'minlanadigan boshqa obektlarda ishlashi mumkin.

Bizdan bu haqda juda ko‘p marotaba «mahkumlar zaharli joylarda, zararli ishlarda ishlaydimi», deb so‘rashadi. O‘zbekistonda bugungi kunda zararli, zaharli joyda, kon sharoitida mahkumlarni ishlatadigan jazoni ijro etish muassasasining o‘zi yo‘q.

Jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishda, mebel yasash va xalq iste'moli uchun tovarlar ishlab chiqarishda band qilingan. 

Bunday muassasalarga juda ko‘p tashriflar qilingan. Xususan, 2020 yilda ombudsman 46 marotaba tashrif buyurdi. Tashriflar davomida ombudsman, nafaqat mahkumlarning yashash sharoiti va ovqatlarini, balki ish joylarini ham monitoringdan o‘tkazdi. 

Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimida zararli faoliyat bilan shug‘ullanadigan mehnat turining o‘zi mavjud emas», – deya Jamshid Sultonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid