O‘zbekiston | 19:23 / 03.02.2021
11698
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qancha mahkum koronavirusga chalingani ma'lum qilindi

O‘zbekistondagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 9 foizi koronavirusga chalingan, shuningdek, 2 nafar og‘ir bemor muddatidan avval ozod qilingan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Albatta, jazoni ijro etish tizimida ham koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 2020 yil mart oyida yurtimizda koronavirus aniqlangan bo‘lsa, biz SSV bilan bu borada ishladik va 4 oy mobaynida kasallikni jazoni ijro etish muassasalariga kirishiga yo‘l qo‘ymadik” – deya IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Bahodir Yusupovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, jazoni ijro etish muassasalarida ham koronavirus aniqlangach, simptomsiz va yengil shaklida kasal bo‘lgan mahkumlar tizimning o‘zida davolangan. Og‘ir va o‘rta og‘ir shakllari esa Sog‘likni saqlash vazirligi tasarrufidagi 4 ta karantin hududlariga yuborilgan.

«Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, o‘rta hisobda saqlanayotgan mahkumlarning 9 foizi kasal bo‘lib o‘tdi. Lekin birorta ham o‘lim holatiga yo‘l qo‘yilmadi.

O‘ta og‘ir kasal bo‘lgan Qashqadaryo va Buxoro viloyatida saqlanayotgan 2 nafar mahkum Jinoyat kodeksining 75 moddasi va Jinoyat ijroiya kodeksining 165 moddasiga binoan vaqtidan avval ozod qilindi,” – dedi Bahodir Yusupov.

IIV mulozimi koronavirusga chalingan mahkumlarning aniq sonini keltirib o‘tmagan.

Avvalroq, O‘zbekiston qamoqxonalarida 27 ming 500 nafar mahkum jazoni o‘tayotgani, shuningdek, probatsiya bo‘linmalarida 57 ming 36 nafar shaxs nazoratda turgani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid