O‘zbekiston | 11:14 / 08.02.2021
14103
11 daqiqa o‘qiladi

Navoiy – muzey eksponati emas, u biz bilan yashashi kerak

Alisher Navoiy – noyob iste'dod sohibi, ma'rifatparvar olim va davlat arbobi. Zahiriddin Bobur ta'rifi bilan aytganda «turkiy tilda ko‘p va xo‘b yozgan» shoir yaratgan asarlarining nafaqat miqdori, balki ma'no-mazmunining chuqurligi bilan ham sharq mumtoz adabiyotida katta o‘rin tutadi.

Kun.uz tavalludining 580 yilligi nishonlanayotgan hazrat Navoiy ijodi, asarlari zamiriga singdirilgan umuminsoniy g‘oyalar, ularning bugungi kundagi ahamiyati, hazratning e'tiqodiy qarash va maslaklari haqida navoiyshunoslarni suhbatga tortdi.

Navoiyni dunyoga tanitishdan avval uni o‘zimiz bilib olaylik

Akrom Malikov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, navoiyshunos

— Har yili an'anaga muvofiq hazrat Alisher Navoiyning ijodini o‘rganish, asarlarining targ‘iboti odatda 9 fevral arafasida boshlanadi. Agar shu targ‘ibot yil davomida olib borilsa edi, «O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa», deb faryod chekmagan bo‘lardik. Yoki «Har bir kalla, har bir bosh Navoiyni o‘qishi kerak» deya aytilgan gaplar o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lardi.

Akrom Malik

Keyingi paytlarda shunday bir urinishlar bo‘ldiki, Navoiyni dunyoga tanitish kerak. Buni sun'iy urinish deb baholayman, ya'niki shart bo‘lmagan bir ish. Chunki biz hali ajdodlarimizni yaxshi tanimaymiz. Nega o‘zimiz yaxshi bilmagan holatda dunyoga tanitishimiz kerak. Garchi turkiy tilda ijod qilgan ijodkor bo‘lsa-da, ommatan aytaman, mohiyatiga yetib borganimiz yo‘q.

Navoiyni o‘qigan millat kam bo‘lmaydi

Dilnavoz Yusupova, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos

Dilnavoz Yusupova

— Navoiyning o‘z zamondoshi, tarixchi Xondamir unga nisbatan go‘zal xulq egasi deya sifat bergan. Shunga monand Xondamir asarini «Makorim ul axloq» deb nomlagan. Aynan uning asarida Navoiy shaxsiyati ochib berilgan.

Qolaversa, Navoiy mahoratli davlat arbobi – yevropaliklar uni birinchi navbatda davlat amaldori, harbiy shaxs sifatida tanishdi. Keyin esa buyuk ijodi borligini ham bilishdi.

Yuksak darajadagi saxovatli inson. Tarixchi Mirxond Navoiychalik ko‘p binokorlik qilgan kishi yo‘qligini aytadi. O‘z davrida hatto shahzodalarga ham mablag‘ berib turgan shu kabi insonni ayta olamizmi?

Biz orzu qilgan boy, tijoratchi inson ham, saxovatpesha inson ham, buyuk ijod egasi ham, buyuk shaxs egasi ham Navoiydir.

«Navoiy muzey eksponati emas, u biz bilan yashashi kerak», degan edi rossiyalik olim Bertels. Uni o‘qigan millat kam bo‘lmaydi.

Navoiy shaxsiyati bilan tanishgan inson, albatta, unga mehr qo‘yadi.

So‘nggi yillarda Navoiy ijodining ta'lim tizimida o‘qitilishi muayyan tarzda yangi bosqichga ko‘tarildi deb ayta olaman. Oliy ta'limda mutaxassislik uchun «Navoiyshunoslik» maxsus fani kiritildi. Bungacha «O‘zbek adabiyoti tarixi» fani ichida o‘qitilar edi.

Bog‘cha yoshidagi bola bemalol mobil qurilmalardan foydalana olyapti. Mana shu imkoniyatlardan foydalangan holda bolalarimizga Navoiy asarlari qahramonlari bilan bog‘liq tarbiyaviy mashg‘ulot yoki ko‘rsatuv tayyorlashimiz kerak. Masalan, «Navoiy bobo ertaklari», «Navoiy bobo o‘gitlari» degan qisqa hajmda tarbiyaviy mashg‘ulot qo‘yilishi mumkin. 30 daqiqalik multfilm yoki ko‘rsatuv haftada bir yoki ikki marta, bolachalarning imkoniyatidan kelib chiqqan holda tayyorlanishi mumkin.

Ko‘pchilik «Masha va ayiq» multfilmini biladi. Soatlab kompyuter qarshisida o‘tirishadi hatto. Nega shuni Navoiy qahramonlari misolida ishlab chiqmasligimiz kerak. «Sher bilan durroj» multfilmi tajribasi yaxshi natija berdi-ku axir.

Navoiyni bevosita o‘qita olmas ekanmiz, demak, uning asarlari qahramonlaridan boshlaylik.

Osondan qiyinga qarab borsa, Navoiyni anglash yengillashadi

O‘rol Normatov, O‘zFA tayanch doktoranti, folklorshunos

O‘rol Normatov

— «Navoiy tili» degan tushuncha bor. Uning «Tarixi anbiyo va hukamo» hamda «Tarixi mulki ajam» nomli tarixiy asarlari o‘quvchiga ko‘pincha og‘irlik qilmaydi, ya'ni tili birmuncha soddaroq. Kitob orqasidagi lug‘atlarga kam murojaat qilinadi. Shuning uchun Navoiyni o‘qishga tutinmoqchi bo‘lgan kitobxon birinchi shu kabi asarlaridan, tili va uslubi soddaroq she'rlaridan boshlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Keyin esa sal murakkab bo‘lgan «Nasoyim ul-muhabbat», «Xamsa» va «Xazoyin ul-maoniy» kabi yirik asarlarini o‘qisa, Navoiy olamiga teranroq sho‘ng‘ib boradi. Doim-doim Navoiyni nimaga tushunmayapmiz degan savol ko‘ndalang bo‘lib turaveradi, toki uni o‘qishni tartib va qunt bilan amalga oshirmas ekanmiz.

Ko‘pincha kuzatiladigan holat Navoiyni o‘qishim kerak ekan deb, murakkab g‘azallarini o‘qiydi va hech narsa tushunmaganday bo‘ladi, chunki o‘quvchi qiynaladi. Shuning uchun osondan qiyinga qarab borsa, Navoiyni anglash yengillashadi.

Agar menga siz Navoiydan nima topdingiz deyishsa, aytamanki, insonning badiiy zavqi oshadi, badiiy asarga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Masalan, hazrat Navoiyni o‘qib 3 kun, 1 hafta shu muhitda yurib, keyin bugungi kun she'rlarini o‘qisangiz, o‘rtadagi farq yaqqol seziladi va boshqacha bir kayfiyat ichida qolasiz.

O‘zbek jamiyati hayotida ijobiy ma'nodagi o‘zgarish sodir qilishga qodir ijodkor – Navoiy

Akrom Malikov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, navoiyshunos

— Axborotlarning tinimsiz almashinuvi, turli fikr va g‘oyalarning ilgari surilishi, umuman insonlar ongida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar nazarimda juda katta betartiblik sifatida namoyon bo‘lmoqda. Qadimdan qadriyat sifatida baholanib kelingan qoidalar o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘yganday, odamlar botini bilan emas, faqatgina zohiri bilan mashg‘ul bo‘lib qolganday, hech kimning ko‘ngli hech narsadan to‘lmayotganga o‘xshaydi.

Va mana shu davrda inson qalbiga bir halovat, hayot mazmunini anglashga bo‘lgan ehtiyoj tug‘ilmoqda.

Bu ehtiyojni qanday qilib qondirish mumkin? Qaysi manba bizga bu masalada yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘la oladi? Albatta, musulmon bo‘lgan kishilar bir ovozda Qur'oni karim va hadisi sharif deb javob beradi. Zotan, Allohning kalomi va payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘rsatmalari inson uchun eng yaxshi mayoqdir.

Hayotimizda ro‘y berayotgan voqealar, ko‘zimizga arzimas bo‘lib ko‘rinayotgan fojialar borki, bu bizning Qur'onga bo‘lgan ehtiyojimizni naqadar oshirsa, uni tushunishimiz yo‘lida shunchalik katta to‘siq bo‘lib bormoqda.

Alisher Navoiy rahmatullohi alayh o‘z g‘oyalarini aynan Qur'on va hadis asosida shakllantirgan. Va mana shu poydevordan turib so‘z aytgani uchun ham bugun bizning hayotimiz, o‘zbek jamiyati hayotida ijobiy ma'nodagi o‘zgarish sodir etishga qodir ijodkor deb aytish mumkin.

Allohning oldida o‘zingni qanchalik haqir olsang, sen shunchalik yuksaklikka erishasan, deydi Navoiy. Bu insonni o‘z nafsini tanishga chorlaydi. Shu kecha-kunduzda hamma o‘zining haqligini da'vo qiladi, lekin hazrat bir on nafas rostla va o‘z nohaqliging haqida o‘ylab ko‘r, balki, aybdor bo‘lishing mumkin, deydi. Ana shu nuqtadan boshlab ko‘zimizga haqiqatlar ochiladi.

Navoiy tashabbusi bilan Qur'oni karimga ikkita tafsir yozilgan

Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidi imom-noibi, navoiyshunos

Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid

— Hazrat Navoiy bosh vazir bo‘lib turgan paytlarida Qur'oni karimga xizmat qilish borasida katta e'tibor berganlar. U kishining bevosita tashabbusi bilan fors tilida ikkita tafsir yozilgan. Shulardan birini Husayn voiz Koshifiy yozgan. Shuningdek, «Dorul huffoz» deb nomlangan qorixona ham qurdirgan. Qorixonaga o‘zlarining bir to‘rtligini ildirib qo‘ygan ekanlar.

Bu davrda yo‘q sen kebi xushxon hofiz,

Huffoz aro sarhalqayi davron hofiz.

Qur'ong‘a sen o‘lg‘an kebi yakson hofiz,

Bo‘lsun sanga barcha ishda Qur'on hofiz.

U kishining faoliyatlari Qur'onga, din ilmlariga mana shunday bog‘liq bo‘lgan, zotan, u davrda din ilmi, boshqa ilm degan ayirmachilik bo‘lmagan. Shuning uchun Navoiyning ijodini Qur'on va hadissiz tasavvur qilolmaymiz.

Afsuski, o‘rtadagi dinsizlik davrida xalqimiz asl manbalardan uzoqlashishi oqibatida Navoiy ijodini Qur'ondan ayri holatda talqin qilish davr talabi ham bo‘lgan. Xalqimiz boshqalarning yuzaki qarashlarini qabul qilishga majbur bo‘ldi.

Navoiy ijodida Qur'on oyatlari mazmunini har qadamda uchratamiz. Hadis ma'nolarini uchratamiz, islom aqidasini ko‘ramiz. Misol uchun, «Xamsa» ishqiy afsonadan iborat emas, balki tasavvufiy mazmunga ega asar hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviy Navoiyning ta'kidlashicha 40 chilla o‘tirib yozgan. Chilla o‘tirish bu tasavvuf ahlining uzlati hisoblanadi. Allohga uzlat qilib yozilgan asar qanaqasiga tasavvufdan ayri oddiy hikoyalar yoki shahvoniy ishq bo‘lishi mumkin.

Navoiyning tasavvufi bu – islom tasavvufi. Bu boshqa bir dinlardan ta'sirlanib shakllangan emas, to‘la-to‘kis Qur'on va hadis hamda tasavvuf ulamolarining fikrlaridan xulosalangan tasavvuf. Shulardan sizib chiqqan o‘z falsafiy qarashlarini nazmda va nasrda bayon qilganlar.

Shuning uchun hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, Navoiy ijodi Qur'on va hadisdagi falsafiy qarashlar, tasavvufiy yondashuvlarning nazmdagi in'ikosi, Navoiy tilidagi jarangi. Islom falsafasi, islom e'tiqodi umuminsoniy tushunchalar bilan juda ko‘p jihatdan hamohang, shuning uchun ham Navoiy dunyo miqyosidagi mutafakkir va ayni vaqtda islom falsafasini tarannum etgan mutafakkir.

Yigitali Mahmudov tayyorladi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid