O‘zbekiston | 21:13 / 09.02.2021
52784
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona shahriga yangi hokim va sektor rahbarlari tayinlandi

Farg‘ona shahrining to‘rtta sektor rahbari - shaharning yangi hokimi, yangi prokuror, IIBning yangi boshlig‘i va tuman soliq inspeksiyasining yangi rahbari tayinlandi.

Bugun, 9 fevral kuni Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Viloyat hokimi o‘z so‘zida davlat rahbarining 4-5 fevral kunlari viloyatga tashrifi davomida Farg‘ona shahrida ko‘zga tashlangan kamchiliklar haqida batafsil to‘xtalib, shaharda yig‘ilib qolgan muammolar va tezkor yechimini kutayotgan masalalarni tanqidiy tahlil qildi, ularni hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bugungi sessiyada shaharning yangi hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi tomonidan taqdim etilgan Mirzohid Murodilovich Ubaydullayev nomzodi Farg‘ona shahar deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va u shaharning yangi hokimi etib tasdiqlandi.

Mirzohid Ubaydullayev

Mirzohid Ubaydullayev 1976 yil Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 1999 yil Farg‘ona politexnika institutini, 2013 yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabini tamomlagan. 2014-2015 yillarda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2015-2016 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, 2016-2020 yillarda Marg‘ilon shahar hokimi kabi lavozimlarda ishlagan.

U 2020 yil aprelidan buyon viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgandi.

Farg‘ona viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Dilmurod Qobulovich Qobulov Respublika bosh prokurorining buyrug‘i bilan Farg‘ona shahrining prokurori etib tayinlandi. 

Dilmurod Qobulov

Dilmurod Qobulov 1981 yilda Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Andijon viloyat prokuraturasida hamda Respublika Bosh prokuraturasida mas'ul vazifalarda ishlagan. Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Ohangaron shahri, Toshkent shahrining Bektemir tumani prokurori lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Podpolkovnik Dilmurod Qobilovich Asqarov Ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan Farg‘ona shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi.

Dilmurod Asqarov

Dilmurod Asqarov 1979 yilda Toshloq tumanida tug‘ilgan. 2002  yildan ichki ishlar tizimida turli vazifalarda faoliyat olib borgan. Marg‘ilon shahar IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Quva tuman IIB boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U shu vaqtgacha Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, DSQ raisi buyrug‘i bilan Nuriddin Ahmadjonovich Erkaboyev shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Nuriddin Erkaboyev 1983 yilda Beshariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini tamomlagan. Toshkent shahar soliq boshqarmasida turli mas'ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. Tayinlovga qadar Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi Soliq nazorati bo‘limi Geologiya va yoqilg‘i-energetika komplekslarining soliq nazorati sho‘'basi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan.

Boburbek Mo‘minov esa shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ish boshlagan.

  • Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahridagi mahallalardan biriga kutilmagan tashrifi ortidan shahar hokimi, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbari o‘z lavozimlaridan ozod etilgandi.

Mavzuga oid