Jamiyat | 14:48 / 09.02.2021
5714
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Andijondagi Navoiy bog‘ida Navoiyga ehtirom ko‘rsatildi

9 fevral kuni erta tongdan Andijon shahridagi Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i gavjum bo‘ldi. Andijonliklar g‘azal mulkining sultoni, davlat va jamiyat arbobi hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash uchun to‘plandi.

Viloyat hokimligi vakillari, mehmonlar, ziyolilar va talaba-yoshlar buyuk mutafakkir haykali poyiga guldastalar qo‘yishdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari shoira Xurshidabonu, Andijon davlat universiteti dekani, dotsent Bahodir Rahmonov, adabiyotshunos olim, professor Salima Mirzayeva mutafakkir shoir qoldirgan adabiy-ilmiy meros asrlar davomida jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida e'zozlanib kelinayotgani haqida so‘zlashdi.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Halim Karim Navoiyga bag‘ishlangan she'rini taqdim etdi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, ijodkor o‘qituvchi Saidabonu Abdusalomova Navoiy ijodidan namuna o‘qidi.

O‘zbekiston prezidenti 2020 yil oktyabrida allomaning ijodiy merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan kishilarni hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ta'sis etish haqida qaror qabul qilgandi. Shu bilan birga, shoirning hayoti va ijodini mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda keng o‘rganish, targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.

Bularning barchasi durdona asarlar yaratib, insoniyat tarixidan munosib o‘rin egallagan mutafakkirga ehtirom ifodasidir.

Andijonliklar 9 fevral kuni Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy, adabiy-badiiy tadbirlarni mehnat jamoalarida, bilim dargohlari va ta'lim-tarbiya maskanlarida ham davom ettirishdi.

Mavzuga oid