O‘zbekiston | 17:45 / 11.02.2021
7025
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda xususiy OTM tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Buxoroda psixologiya va xorijiy tillar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • Universitetda O‘zbekiston va dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining innovatsion dasturlarini joriy etish;
  • respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlash;
  • xorij va O‘zbekistonning ilg‘or oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-amaliy psixologiya maktablari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish; 
  • o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
  • ta'lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini jalb qilish; 
  • ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish; 
  • professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish; 
  • aholining turli qatlamlariga va mehnat jamoalariga shartnomalar asosida psixologik xizmatlar ko‘rsatish. 

Universitetga har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari tanlov asosida bepul o‘qishga qabul qilinadi. Universitet granti asosida o‘qishga tavsiya qilinadigan bu toifa abituriyentlar ajratilgan kvotaning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismini tashkil etadi. 

Universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amalda mavjud ta'lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Xususiy OTMda bakalavriat ta'lim yo‘nalishida 9ta, magistratura yo‘nalishida 6ta mutaxassislik bo‘yicha talabalar tahsil oladi. 

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari hamda to‘lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda muassis tomonidan tomonidan belgilanadi.

Universitetda ta'lim faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan so‘ng boshlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid