Tayyor kiyim-kechaklar eksporti 30 foizga oshdi - Statqo‘m
O‘zbekiston 2020 yilda qiymati 459,3 mln dollarga teng bo‘lgan tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini eksport qildi. Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu – 2019 yilga nisbatan 30 foizga ko‘p.
O‘tgan yili O‘zbekiston tayyor kiyim-kechaklarni eng ko‘p eksport qilgan davlatlar quyidagilar bo‘lgan:
- Rossiya – 247,2 million;
- Qirg‘iziston – 170,6 million;
- Qozog‘iston – 17,5 million;
- Ukraina – 4,9 million;
- Tojikiston – 4,8 million;
- Moldova – 2,6 million;
- Belarussiya – 2,3 million;
- Italiya – 2 million.
Eksport qilingan tayyor kiyim-kechak mahsulotlarining eng ko‘p ulushi Andijon (143,6 mln dollar) va Toshkent (102,7) viloyatlari hamda Toshkent shahri (55,6) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Statqo‘mga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilda 70ta xorijiy davlatga qiymati 1,9 milliard dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan.
2019 yilga nisbatan olganda, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 295,3 million dollarga oshgan.
2020 yil mobaynida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining eng ko‘p qismi Rossiya (655,5 mln dollar), Xitoy (438,2), Qirg‘iziston (283,9) va Turkiya (206,1) davlatlariga eksport qilingan.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning 2020 yildagi paxta tolasi eksporti 65,35 foizga qisqarib, 78,87 million dollarini tashkil qilgan. Eksport hajmi kamayishi paxta xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish ko‘zlanayotgani bilan izohlangan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 2019 yilda Yaponiyaning Nikkei Asian Review nashriga bergan intervyusida paxta tolasini eksport qilishni to‘xtatish haqida fikr bildirgan. U o‘shanda 2025 yilga borib O‘zbekiston yiliga 8 milliard dollar miqdordagi to‘qimachilik maxsulotlarini eksport qilishni rejalashtirganini aytib o‘tgandi.
Mavzuga oid
15:20
O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlar Britaniya bozoriga eksport qilinadi
09:38
O‘zbekiston va JST eksport subsidiyalarini bekor etishni muhokama qildi
12:50 / 04.11.2024
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi
09:40 / 23.10.2024