O‘zbekiston | 11:01 / 17.02.2021
18749
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar soni ochiqlandi

Kecha, 16 fevral kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prokuratura organlari tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, prokuratura organlari tomonidan 2020 yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish maqsadida 23 mingdan ortiq tadbirkor va investorlarga yer maydoni va bino ajratilishi, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi hamda litsenziya va ruxsatnomalar berilishida ko‘mak ko‘rsatilgan.

Tadbirkorlar huquqini buzish holatlari bo‘yicha 817 nafar mas'ul shaxs intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortilgan, 353ta noqonuniy hujjatga protest keltirilgan, sudlarga 21,8 mlrd so‘mlik 451ta da'vo arizasi kiritilib, 5 ming 206 nafar tadbirkorning buzilgan huquqi tiklangan.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan 1 723 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2020 yilda prokuratura organlariga kelib tushgan 403 019ta murojaatning 214 610tasi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqilib, 202 105 nafar fuqaro qabul qilingani aytiladi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 19,1 mlrd so‘mlik ish haqi, pensiya, aliment va boshqa to‘lovlarni olishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish borasida Bosh prokuratura tomonidan 57ta qonun hujjati loyihalari ishlab chiqilib, 11tasi qabul qilingan.

Mavzuga oid