Iqtisodiyot | 18:54 / 18.02.2021
24545
5 daqiqa o‘qiladi

«Obnalchilar» mojarosi. Soliq qo‘mitasi masala yuzasidan pozitsiyasini bildirdi

Shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkordan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘m QQS summasi undirilishi – «obnalchilar» mojarosi tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgandi. Masala atrofidagi eng dolzarb savollar yuzasidan DSQ rasmiysi bilan intervyu tashkil etildi. 

Davlat soliq qo‘mitasi departamenti  direktori Jahongir Abdiyev tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘layotgan «obnalchi» korxonalar tufayli QQS summasini undirish masalasi bo‘yicha Kun.uz savollariga javob berdi.

DSQ rasmiysiga ko‘ra, QQS to‘lash bo‘yicha talabnoma yuborilgan 10 mingga yaqin korxonaning barchasi «obnalchi» korxonalar bilan ko‘zbo‘yamachilik maqsadida bitim tuzgan deyish qiyin, buning uchun tekshiruv o‘tkazish kerak. Shunga qaramay, tekshiruvlarda katta hisob bilan shubhalar o‘z tasdig‘ini topmoqda.

«Misol sifatida, o‘tgan kundan boshlab soliq qo‘mitasiga kelgan murojaatlardan keyin 122ta korxonani o‘rgandik. Bulardan 117tasi qalbaki operatsiya amalga oshirgani o‘z tasdig‘ini topdi, 4 tasi bo‘yicha esa qisman tasdig‘ini topdi. Bitta korxona esa ko‘zbo‘yamachilik maqsadida bitim tuzmaganini tegishli hujjatlar bilan asoslantirib berdi. Yuz foiz hamma korxona to‘g‘ri yoki  hammasi xato ishlagan, deb bo‘lmaydi. Murojaat qilgan hamma tadbirkor haqiqatan ham ishlaganman, kontragentdan tovar sotib olganman, tovarsiz operatsiya amalga oshirmaganman, deb aytadi. Biroq buni hujjatlar, ya'ni haqiqatan ham operatsiyani amalga oshirganini ko‘rsatuvchi shartnoma (tovarlar oldi-berdisi uchun shartnoma tuzilgan bo‘ladi) tovar-transport yuk xati, hisob-faktura, ombor kirim hujjatlari, tovar harakatlarini ko‘rsatuvchi hujjatlar bo‘lishi kerak. Buni taqdim eta olmagan tadbirkorlik sub'yektlari haqiqatan «obnalchilar» bilan ishlagan, naqdlashtirish operatsiyasini amalga oshirgan bo‘lib chiqyapti», – dedi department direktori Kun.uz bilan suhbatda.

Davlat soliq qo‘mitasi departamenti  direktori Jahongir Abdiyev

Shuningdek, DSQ rasmiysi «obnalchi» firmalar bilan ishlagan tadbirkorlik sub'yektlari agar ular haqiqatan tovarli operatsiyalarni amalga oshirganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa, inkasso topshiriqlari bekor qilinishini ma'lum qildi.

«Inkasso topshiriqlari qo‘yilgan korxonalar «xavfni boshqarish tizimi» orqali soliq xavfi darajasi o‘rganilganda 2960 ta korxona past xavfli darajadagi korxonalar, deb topilib, ularning inkasso topshiriqlari qaytarib olindi. Qolgan inkasso topshiriqlari turgan korxonalar uchun xavf darajasi baland bo‘lganligi uchun inkasso saqlanib turibdi. DSQ tomonidan katta ishchi guruh tashkil qilingan, inkasso topshiriqlari bekor qilinmagan korxonalar tegishli hujjatlarni topshirsa, inkasso topshirig‘i bekor qilinadi», – dedi u.

Departament direktori nega «obnalchi» firmalar bilan ishlagan tadbirkorlik sub'yektlarining o‘tgan yil, olti oy va boshqa uzoqroq muddatda operatsiyalari uchun birdaniga yil boshida ish ochilganiga izoh berdi.

Unga ko‘ra, «Xavfni boshqarish avtomatik tizimi» rasman fevral oyidan ishga tushgani bois, shubhali korxonalar va ularning kontragentlari dastur tomonidan avtomatik ravishda aniqlangan. Dasturga tashqi manbalar ma'lumotlari kiritilgan. Ta'kidlanishicha, pulni naqdlashtirish bilan shug‘ullangan korxonalar bundan keyin ham avtomatik ravishda aniqlanadi.

Jahongir Abdiyev shubhali 396 ta korxonaga nisbatan qanday chora ko‘rilganini ham ma'lum qildi.

«Shubhali 396ta korxonaning QQS guvohnomasi bekor bo‘ldi, hisobraqamidagi operatsiyalar to‘xtatildi. 200 atrofidagi «obnalchilar»ning hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan, ularning ko‘pchiligi jinoiy javobgarlikka tortildi, yana boshqalariga ish ochilishi arafasida», – dedi u.

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi davlat budjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi 396 ta «bir kunlik firmalar» xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Mavzuga oid