O‘zbekiston | 17:25 / 22.02.2021
54849
3 daqiqa o‘qiladi

Manba: UzAuto Motors mijozlar bilan shartnomalar tuzishni mart oyidan boshlaydi

Spark, Nexia, Cobalt va Gentra kabi modellar sotuvi yil boshidan to‘xtatilgan edi. Bu – kompaniyada boshqaruvning yangi tizimiga o‘tilayotgani bilan izohlangan.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors qator xaridorgir avtomobil modellariga mijozlar bilan shartnomalar tuzishni mart oyidan qayta yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Kun.uz manbasi ma'lum qildi.

Spark, Nexia, Cobalt va Gentra kabi Asakadagi zavoddan chiqadigan avtomobillar sotuvi bir necha hafta ilgari vaqtincha to‘xtatilgan. Yanvar oyida UzAuto Motors'ning avtomobil ishlab chiqarishi o‘tgan yil yanvari bilan solishtirganda 4 barobarga qisqargan; masalan, Lacetti-Gentra modelidan atigi 5 dona ishlab chiqarilgan.

Kompaniya buni biznes jarayonlarini boshqarishning kompleks avtomatlashtirilgan tizimi – ERP/CRM SAP'ga o‘tilayotgani bilan izohlagan.

Qayd etilishicha, yangicha boshqaruv tizimida ishlab chiqarish, sotish, kadrlar bilan ishlash va buxgalteriya hisobini yuritish to‘liq avtomatlashtiriladi; avtomobillar savdosining shaffofligi ta'minlanadi.

Sotuv bunga qadar tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilishi ma'lum qilingan.

«Yangi tizimning joriy etilishi mijozlarga avtomobillarni yetkazib berish vaqtiga ta'sir qilmaydi», – deyilgan kompaniya axborotida.

Ayni kunlarda internetda O‘zbekistonga Chevrolet Onix modelidan bir necha dona olib kelinganini ko‘rsatuvchi surat tarqaldi. UzAuto Motors matbuot xizmatining Gazeta.uz'ga tasdiqlashicha, yangi model «mahalliy iqlim sharoitida sinab ko‘rish va potensial xaridorlar fikrini o‘rganish uchun» namuna sifatida keltirilgan.

Foto: Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)

O‘zbekiston avtosanoatchilari Chevrolet Onix ishlab chiqarish o‘zlashtirilishi haqida 2019 yildan buyon aytib keladi.

Avvalroq, Chevrolet o‘z modellari qatorini yangilashi sababli, UzAuto Motors AQShdan import qilib kelgan Equinox avtomobili uchun shartnoma tuzish to‘xtatilgandi. Yangi avlod Equinox O‘zbekistonda qachon paydo bo‘lishi hozircha ma'lum emas.

O‘tgan oyda yangi avloddagi Chevrolet Tracker'ning bazaviy komplektatsiyasi narxi 166,9 mln so‘m, LT komplektatsiyasi esa 222 mln bo‘lishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid