O‘zbekiston | 09:19 / 26.02.2021
6078
5 daqiqa o‘qiladi

Arxiv ishi sohasida hukumat hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan hukumatning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Norma’ning yozishicha, arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda davlat arxivlari tasniflanishi prezident hujjatlariga muvofiqlashtirildi, shuningdek quyidagilarning tashkil etilishi tartibi mustahkamlandi:

  • O‘zbekiston milliy arxivlari prezident tomonidan tashkil etiladi;
  • Markaziy davlat arxivlari – Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etiladi;
  • viloyat, shahar, tuman davlat arxivlari va ularning filiallari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tashkil etiladi;
  • shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tegishli viloyatlar hokimliklari qarorlari bilan «O‘zarxiv» agentligi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi;
  • viloyat, shahar, tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari DXSh asosida tashkil etiladi;
  • tarmoq davlat arxivlari tegishli Milliy arxiv fondi (MAF) hujjatlarini doimiy saqlovchi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning taklifiga asosan o‘rnatilgan tartibda tashkil etiladi.

Milliy arxiv fondi to‘g‘risidagi nizomda boshqa o‘zgartirishlar qatori:

  • MAF hujjatlarini doimiy saqlovchi vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari ro‘yxatining yangi tahriri qabul qilindi;
  • kiritilgan normaga muvofiq idoraviy saqlov muddati tugagan maxfiy hujjatlar maxfiylikdan chiqarish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilgandan so‘ng davlat arxivi saqloviga belgilangan tartibda topshirilishi belgilandi;
  • kiritilgan normaga muvofiq shaxsning sud tomonidan muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi davlat arxivlari tomonidan idoralararo elektron tizimlar orqali aniqlanadi. Voyaga yetmagan shaxslar davlat arxivlari o‘quv zallariga ota-onalari yoki tartibga rioya etishga mas'ul boshqa qonuniy vakillari bilan kiritilishi belgilandi.

Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga:

  • elektron nusxa – an'anaviy asosdagi (qog‘oz, video, audio kasseta, kinolenta va boshqalar) hujjatlarni raqamlashtirish orqali ularning yaratilgan elektron shakli, asl nusxada mavjud bo‘lgan axborotni o‘qish yoki ko‘rish (eshitish) imkonini beruvchi elektron ko‘chirma nusxasi tushunchasi kiritildi;
  • arxivda saqlanadigan barcha elektron hujjatlar davlat hisobiga olinishi belgilandi. Elektron hujjatlarning saqlov birliklari arxiv shifriga yozuv formati va axborot manbaining turi, arxiv fondi raqami, ro‘yxatga olish raqami, ro‘yxatdagi elektron hujjatning tartib raqami kiritiladi;
  • arxiv ma'lumotnomasi, ko‘chirma, so‘rovga javoblar va ularning nusxalarini elektron pochta orqali yuborish mumkinligi belgilandi;
  • arxivda ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarning ijro etilishi muddatlari o‘zgartirildi. So‘rov ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab:
  • a) ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumot – 20 ish kuni mobaynida;
  • b) ish staji to‘g‘risidagi ma'lumot – 5 ish kuni mobaynida;
  • v) o‘quv muassasalarida o‘qiganlik, yuridik shaxsni qayta nomlash, mukofotlanganlikni tasdiqlash 5 ish kuni mobaynida ijro etiladi.

Mavzuli so‘rovlar toifasiga mulkiy huquqlar, turar joylar, alohida faktlar, voqealar, ma'lumotlarni, shuningdek nasl-nasablarni aniqlash (tasdiqlash) kiradi. Ular so‘rov ma'lumotlari to‘liq taqdim etilgan taqdirda, ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab 30 kundan oshmagan muddatda ijro etiladi.
 
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda: 

  • ish stajini tasdiqlash to‘g‘risidagi, 10 yillik muddat uchun ish haqi to‘g‘risidagi arxiv ma'lumotlarini berish haqidagi cheklovlar chiqarib tashlandi;
  • davlat arxivlari tomonidan pulli asosda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi «O‘zarxiv» agentligi tomonidan tasdiqlanadigan davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlarning yagona narxnomasiga binoan belgilanadi. Tashkilotlarning arxiv hujjatlarini tartibga keltirish uchun arxivlar huzurida mehnat shartnomalari asosida jalb etilgan xodimlardan iborat xo‘jalik hisobidagi guruh faoliyat yuritadi. Arxivlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha lavozim shtat birligini saqlashga va mehnat shartnomalari asosida qo‘shimcha xodimlar jalb etilishiga ruxsat etiladi;
  • tashkilot jamlash manbai hisoblangan arxivning roziligisiz arxivlarning jamlash zonasiga (hududiga) kirmagan tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan.

Mavzuga oid