Fan-texnika | 11:48 / 28.02.2021
55719
10 daqiqa o‘qiladi

Tesla mafiyasi: Ilon Maskning sobiq xodimlari uning raqobatchilariga aylanmoqda

Ilon Mask nafaqat elektromobillar bozorida inqilob yasadi, balki u milliardlab dollarlik aktivlarga ega raqobatchilarni ham yaratdi. Forbes qrimlik novator, «Bond avtomobili» muallifi va Tesla bulog‘idan suv ichgan hamda keyinchalik sobiq rahbari yo‘lida paydo bo‘lgan odamlar haqida hikoya qiladi.

PayPal nafaqat onlayn to‘lovlar sohasidagi kashshofligi bilan, balki o‘ziga xos xos mafiyasi bilan ham dong taratgan – uning sobiq xodimlari keyinchalik ko‘plab startaplarning asoschilari yoki sarmoyadorlariga aylanishgan. Yelp’dan to LinkedIn’gacha, Palantir va Affirm ham.

Bu guruhning eng atoqli «xo‘jayini» Ilon Mask keyinchalik o‘ziga raqobatchilik qiladigan o‘ziga xos yangi «mafiya» tuzgan. Tesla’ning o‘nlab sobiq xodimlari ayni damda Proterra va Rivian kabi boshqa elektrotransport kompaniyalarida javlon urishmoqda. Maskning yana bir necha sobiq xodimi o‘z startaplarini yo‘lga qo‘yib, elektromobillar va akkumulyatorlar ishlab chiqarishmoqda. Ularning maqsadi 6 trilliondan ortiq mablag‘ aylanadigan dunyo avtosanoatini o‘zgartirish hisoblanadi.

«Buni Tesla’ning yolg‘iz o‘zi qilolmaydi», deydi Piter Roulinson. O‘tmishda u Tesla Model S’ning bosh muhandisi bo‘lgan, hozirda o‘zining Lucid e-mobilini ishlab chiqarmoqchi. «Maskka raqobat kerak», deya ishonchi komil uning.

«Bu yaxshi hamjamiyat. Men sobiq hamkasblarim turli sohalarda qanchalar muvaffaqiyatli va ta'sir doirasi kuchli bo‘lib ketganiga guvoh bo‘layotganimdan juda mamnunman», deydi haydovchisiz boshqariladigan Aurora avtomobillari hammuassisi Sterling Anderson. Anderson Tesla’ni 2016 yilda tark etgandi.

Roulinson, Anderson va Tesla’ning yana uch sobiq xodimi avtosanoatni elektrlashtirish va avtomatlashtirishda Ilon Maskka raqobatchi bo‘lishga tayyor (yordam berishga ham). Ularning kompaniyalarining umumiy bozor qiymati 30 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Bu 780 milliard dollarlik Tesla’ga solishtirganda dengizdan bir tomchidek. Biroq bu hali boshlanishi.

Sterling Anderson

Aurora Innovation, hammuassis va ishlab chiqarish direktori

Massachusets texnologiya institutida (MIT) ta'lim olgan olim Sterling Anderson Tesla’ga 2013 yil kelgandi. U Model X krossoveri ustida ishlagan va haydovchisiz boshqariladigan Autopilot dasturiga rahbarlik qilgan. «Bu xuddi okoplarda birga jang qilish kabi. Bunday qiyin vaziyatlarda odamlar eng mustahkam rishtalarni bog‘laydilar», deydi u Tesla’dagi faoliyatini yodga olarkan.

Anderson 2016 yilda Aurora Innovation haydovchisiz avtomobillar ustida ishlash uchun Tesla’dan ketadi. Uning jamoasiga Google’ning haydovchisiz avtomobillar ishlab chiqish bo‘limi sobiq boshlig‘i Kris Urmson va Karnegi-Mellon universitetining sun'iy ong bo‘yicha tadqiqotchisi Dryu Begnell ham qo‘shiladi. Aurora sarmoyadorlardan 1 milliard dollar oladi va 2020 yilning dekabrida pilotsiz Uber’ni sotib olib, bu sohada yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini oshiradi. Hozirda kompaniya Uber, Paccar va Toyota bilan texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Uber bilan imzolangan bitimdan so‘ng Kremniy vodiysining bu startapining bozor narxi 10 milliard dollargacha ko‘tarildi.

Jin Berdichevskiy

Sila Nanotechnologies hammuassisi va bosh direktori

Berdichevskiy Tesla’ga 2004 yilda kelgan va kompaniyaning yettinchi xodimi bo‘lgan. U Roadster nomli ilk avtomobil akkumulyatori ustida ishlovchi bosh muhandis etib tayinlangan. Avtomobil yaratilish jarayonida Berdichevskiyni ancha arzon va samaraliroq bo‘lgan litiy-ionli akkumulyatorlar qiziqtira boshlagan. «Roadster chiqqanidan so‘ng oldimda kompaniyada qolib Model S ustida ishlash yoki o‘z kompaniyamga asos solish tanlovi turardi», deydi u.

2008 yilda Berdichevskiy Tesla’ni tark etgan, 2011 yilda esa Sila Nano loyihasiga asos solgan. O‘shandan beri uning kompaniyasi akkumulyatorlardagi qimmatroq xomashyo – grafit o‘rnini bosuvchi kremniyli anod ishlab chiqadi. Kompaniya bergan bayonotga ko‘ra, bu material Tesla va boshqa e-mobil ishlab chiqaruvchilar foydalanayotgan akkumulyatorlar samaradorligini kamida 20 foizga, keyinroq esa 50 foizgacha oshirishi mumkin. Startap 930 million dollar sarmoya jalb qila oldi. Sarmoyaning 590 millioni yanvarda to‘plandi. O‘shanda Sila Nano 3,3 milliard dollarga baholandi va 2024 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan eng yirik zavodga mablag‘ oldi. «Biz uzoq yo‘l yurdik, lekin umuman olganda menga bu ish bilan shug‘ullanish yoqyapti», deydi tadbirkor.

Darvoqe, Berdichevskiy Sevastopolda tug‘ilgan va 9 yoshida AQShga ko‘chib ketgan.

Henrik Fisker

Fisker Inc. hammuassisi va bosh direktori

Bir paytlar Jyeyms Bondning BMW rodster-kabrioleti dizaynini yaratgan va Aston Martin’da dizayning bilan shug‘ullangan taniqli dizayner Tesla’da Model S loyihasida ham maslahatchi bo‘lgan. Uning dizayni Ilon Maskka yoqmagan va 2008 yilda u Fiskerni josuslikda ayblab sudga beradi. Fisker iddaoni rad etgan, Mask esa sudda o‘z da'vosini isbotlab bera olmagan.

Tesla’ga raqobatchi bo‘lishga ilk urinish Fisker Automotive startapi bilan bo‘lgan. U elektr-benzin gibrid motorli lyuks klassdagi Karma avtomobilini bozorga chiqarmoqchi bo‘lgan. Biroq uning loyihasi bir qator muammolar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan – akkumulyatorlar yonib ketgan, yig‘ishdagi kamchiliklar va hatto 2012 yilda sodir bo‘lgan dovulda bir necha avtomobillar yo‘qolib ham qolgan. 2014 yilda Fisker loyihani tugatgan.

U bozorga Fisker Inc. kompaniyasi bilan qaytib keldi. Fisker boshlang‘ich narxi 37 500 dollar turuvchi Tesla Model Y’ning bevosita raqobatchisi bo‘lgan Ocean elektr yo‘ltanlamaslarni sotmoqchi. 2020 yilda aksiyalarini birjaga chiqargan Fisker Inc. savdoni bir yil o‘tib boshlamoqchi. Kompaniya kapitalizatsiyasi 4 milliard dollarni tashkil etadi va sarmoyadorlar yana 1 milliard berishi kutilmoqda. «Aslini olganda, avtosanoat Kremniy vodiysi pul tikishi kerak bo‘lgan yoxud istagan soha emas. Tesla bu muammoni tezda bartaraf eta oldi. Ilon Mask Tesla’da PayPal’dan orttirgan ko‘p puli bo‘lgan paytda ishlashni boshladi va bu ish berdi. Keyin 2010 yilda u kompaniyani birjaga olib chiqdi. Bizda hammasi o‘zgacha bo‘lgandi», deydi Fisker Fisker Automotive’dagi moliyaviy muammolarni eslarkan.

Piter Roulinson

Lucid Motors hammuassisi va bosh direktori

Jaguar va Lotus’dagi ko‘p yillik faoliyatidan keyin Roulinson 2009 yilda Tesla’ga keldi. Ular Mask bilan birgalikda a'lo darajada chiqishib ketishdi. Boshida. «Ikkovimiz ham texnologiya va muhandislik ishida cho‘qqiga chiqish istagida yonar edik va mukammallikning chegarsi yo‘q edi», deb hikoya qiladi Roulinson. U Tesla Model S elektrosedanining bosh muhandisi bo‘lgan. Tesla Model S 2012 yilda sotuvga chiqib, elektrokarlar bozorida yangi marralarni zabt etgandi.

O‘sha yili Roulinson kompaniyani tark etdi: u kasalmand onasi yonida bo‘lishi lozim edi. U Mask va Model X loyihasidan bir necha bor hafsalasi pir bo‘ldi. Hozirda Roulinson Kaliforniya shtatining Nyuark shahrida elektromobillar ishlab chiqaruvchi Lucid Motors startapiga rahbarlik qilmoqda. Lucid Motors Saudiya Arabistonidan 1,3 milliard dollar oldi va shu bahorda hashamatli Air sedanlari savdosini yo‘lga qo‘yadi. Air bir zaryadda 800 kilometrdan ortiq yura oladi va narxi ham arzon emas – 169 000 dollardan boshlanadi. «Men Tesla’ga raqobatchi emasman. Men Mercedes-Benz bilan musobaqalashaman», deydi Roulinson.

Jyey Bi Straubel

Redwood Materials hammuassisi va bosh direktori

Straubel Mask kabi Tesla’ning muassislaridan biri edi. U ilk kunlardanoq kompaniyaning texnik direktori bo‘lib ishladi va 2019 yilda ketdi. U o‘z elektromobillarini ishlab chiqarish va atmosferaga chiqayotgan karbonat angidrid gazi chiqishini kamaytirish orzusida edi.

Endi uning Redwood Materials startapi Tesla va boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarning mashinalari akkumulyatorlaridan qolgan litiy, kobalt va nikel metallari chiqindixonaga tushmasligi uchun qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. 2020 yilning sentyabrida Nevada shtatining Karson-Siti shahrida joylashgan ushbu kompaniya sarmoyadorlardan 40 million dollar jalb qilgani hamda qayta ishlash loyihalari bo‘yicha Panasonic va Amazon bilan hamkorlik qilish boshlanganini e'lon qildi.

«Iqlim o‘zgarishlari bilan kurashish uchun biz mahsulotlarimizning atrof-muhitga ta'sirini kamaytirishmiz kerak», deb bayonot bergan Straubel mablag‘ yig‘ish jarayonida.

«Straubel Tesla’dagi hissasi va Beyts sarmoya kiritgan QuantumScape’da direktorlar kengashi a'zosi sifatida olgan aksiyalarini saqlab qolgan deb hisoblasak, uning boyligi hozirgi kunda 1 milliard dollar atrofida», deb hisoblagan Forbes.

Mavzuga oid