O‘zbekiston | 11:59 / 01.03.2021
22257
3 daqiqa o‘qiladi

Onasi uchun yordam so‘ragan qiz iztirobi davlat rahbarini befarq qoldirmadi

Surxondaryolik 44 yoshli Saodat Yakubova 2019 yilda jigar sirrozi degan mash'um kasallikning nishoniga tushdi. Uch farzandning onasi bo‘lgan ayol davolanish uchun ro‘zg‘ordan orttirib mablag‘ topa olmadi. Turmush o‘rtog‘i ro‘zg‘or tebratish maqsadida xorijda ishlaydi. Pandemiyada ishidan ayrilib, hatto yurtga qaytishning ham ilojini qilolmay qolgan. Ozmi-ko‘pmi topganini yuborib tursa ham o‘z vaqtida muolajalar olishning imkoni bo‘lmadi.

Oqibatda yanayam kuchaygan xastalik Saodat opani butunlay holdan toydirdi: qon qusishlar boshlandi. Kasallikning samarali davosi – Hindistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan murakkab jigar transplantatsiyasi amaliyoti edi. Donor ham bor – o‘z jigari, ukasi Odiljon buni zimmasiga olgan. Qarindoshlardan va yaxshilarning yordami bilan baholi qudrat yig‘ilgan mablag‘ni olib Hindistondagi kasalxonaga yetib borishdi. Ammo u yerda ona va qizi Sohiba bundan-da murakkab ahvolda qolishdi. Operatsiya uchun anchagina mablag‘ zarur edi, to‘lov qilinmaganligi sabab jarrohlik amaliyoti amalga oshirilmadi. Sog‘ayishga, vatanga qaytishga bo‘lgan umid ona-bolaning ko‘nglida kundan-kunga so‘nib borardi.

Mushkul ahvolda qolgan Sohibaning yurtdoshlarimizdan yordam so‘rab qilgan murojaati javobsiz qolmadi: "Mahalla" telekanali orqali namoyish qilindi. 

Onasini yo‘qotishdan qo‘rqqan farzand iztirobi hech kimni befarq qoldirmadi.

Chet elda og‘ir ahvolda qolgan qizning iltijosi aks etgan bu lavha davlat rahbarining e'tiborini tortdi. Prezidentning Surxondaryo viloyati hokimiga zudlik bilan bu oilaga yordam berish lozimligi haqidagi topshirig‘idan so‘ng oila uchun najot yo‘llari ochildi. Viloyat hokimligi tomonidan operatsiya xarajatlarining barchasi to‘lab berildi. Jarrohlik operatsiyasi esa klinikaning eng tajribali mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.

Bu ishga O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi ham jalb etilib, ular ayol va yaqinlarining holidan muntazam xabardor bo‘lib turishibdi. Sinovli kunlarni boshdan kechirayotgan bemor va yaqinlarining bundan boshi osmonga yetgan. Davlat rahbari tomonidan O‘zbekistonning chekka hududida qiyin kunlarni boshdan kechirgan, xasta onasiga ko‘rsatilgan e'tibor uchun onasiz qolishdek fojiadan hadiksiragan farzandlar bugun prezidentga minnatdorchilik bildirishmoqda.

“Biz onamning operatsiyalari uchun yurtdoshlarimizdan yordam so‘ragan edik. O‘sha kuni bu ko‘rsatuvni prezident bobomiz ham ko‘rgan ekanlar. Biz chet davlatda bo‘lsak ham prezidentimiz bizni e'tiborsiz qo‘ymadilar, qo‘llab-quvvatlab turdilar, mingdan ming rahmat. O‘zim donor bo‘lmoqchi edim, jigarimda muammo borligi uchun to‘g‘ri kelmadi – tog‘am donor bo‘ldilar. Xudo xohlasa onam sog‘ayib ketadi, ming shukr”,- deydi ayni paytda Hindistonda onasining yonida bo‘lgan Sohiba. 

Ortda qolgani rost bo‘lsin!

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Montaj ustasi — Muhammadjon G‘aniyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid