Shifokor, hokim, iqtisodchi – 14 nafar «O‘zbegim ayoli» taqdirlandi
Milliy telekanalining “O‘zbegim ayoli” mukofoti turli sohalarda faol, pandemiya davrida fidoyilik bilan mehnat qilgan 14 nafar ayolga topshirildi.
Milliy telekanalining “O‘zbegim ayoli” mukofotining taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Mukofot jamiyatda faol, turli sohalarda yutuqlarga erishgan 14 nafar ayolga berildi. Ular 100dan ortiq nomzod orasidan saralangan.
Taqdirlanganlardan biri – “Smartgov consulting” kompaniyasi ijrochi direktori, “Ezgu amal” xayriya jamg‘armasi vasiylik kengashi a'zosi Aziza Umarova, yana biri esa Markaziy bankdagi yagona rahbar ayol, Moliyaviy savodxonlikni oshirish va bank mutaxassislarini qayta tayyorlash departamenti rahbari Dilbar Abdug‘aniyeva.
Mukofot bir guruh shifokorlarga ham topshirildi. Ular pandemiya davridagi fidoyi mehnati va jonkuyarligi uchun taqdirlandi.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorova, “Tez yordam” teleloyihasi mutaxassislari, shifokorlar Aziza Xo‘jayeva, Dildora Sekler, Ra'no Qosimovaga ham mukofot topshirildi.
“Tez yordam” ko‘rsatuvini butun mamlakat ko‘rdi va yangi sharoitda yashashga o‘rgandi. Siz butun mamlakatning g‘ururisiz”, - dedi Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.
Yana bir nomzod samarqandlik shifokor – O‘zbekistondagi yagona bolalar kardioxirurgi. U ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning yuragida nuqsoni bor bolalarini xayriya asosida bepul operatsiya qiladi.
“O‘zbegim ayoli” mukofotining 2021 yilgi sovrindorlari:
- Aziza Umarova – “Smartgov consulting” kompaniyasi ijrochi direktori, “Ezgu amal” xayriya jamg‘armasi vasiylik kengashi a'zosi;
- Aqida Mohirova – ijtimoiy tarmoqlarda Aqida honum taxallusi bilan turli ijtimoiy muammolarni ko‘tarayotgan va xayriya aksiyalarida faol ishtirok etayotgan bloger;
- Dildora Rustamova – oliy toifali suxandon, “Zamon” informatsion dasturi boshlovchisi;
- Zulxumor Mo‘minova – kino va dublyaj ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist;
- Niso Turdiyeva – Samarqand viloyati bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi kardioxirurgi, yurak nuqsoni bor ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini xayriya asosida davolab keladi;
- Zamira Rahmonova – Testo by Zamira&Co restorani asoschisi, Red Jolbors Awards xalqaro tanlovida to‘rt turdagi nominatsiya g‘olibi;
- Juzimgul Bekbergenova – Nukus tumani “Majit Juzimgul” fermer xo‘jaligi rahbari, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va kam ta'minlangan oilalarga yordam berib keladi;
- Iroda Dadajonova – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san'ati institutining ilmiy ishlar va va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori;
- Dilfuza O‘rolova – Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi, O‘zbekistondagi birinchi hokim ayol;
- Dilbar Abdug‘aniyeva – Markaziy bankdagi yagona rahbar ayol, Moliyaviy savodxonlikni oshirish va bank mutaxassislarini qayta tayyorlash departamenti rahbari;
- Klara Yodgorova – Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i, “Tez yordam” teleloyihasi mutaxassisi;
- Aziza Xo‘jayeva – Defactum Laboratories tibbiyot klinikasida immunolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, “Tez yordam” teleloyihasi mutaxassisi;
- Ra'no Qosimova – Sog‘liqni saqlash vazirligining Virusologiya instituti ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi, “Tez yordam” teleloyihasi mutaxassisi;
- Dildora Sekler – Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi, “Tez yordam” teleloyihasi mutaxassisi.
Mavzuga oid
23:39 / 05.03.2024
Prezident «8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni» munosabati bilan ayollarni taqdirladi
16:56 / 03.01.2023
Hukumatdan taqdirlanishni so‘ragan surdlimpiachilarga mukofot pullari berildi
22:34 / 26.11.2022
Eng zo‘r-2022. Taqdirlash marosimi va g‘oliblar bilan intervyular
08:36 / 07.09.2021