O‘zbekiston | 08:43 / 06.03.2021
5147
3 daqiqa o‘qiladi

Jazoni ijro etish muassasalariga tashrifni tashkil etish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Diplomatik korpus, xalqaro va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining jazoni ijro etish muassasalariga tashrifini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, jazoni ijro etish muassasalariga (keyingi o‘rinlarda – JIEM) tashrif murojaat asosida tashkil etiladi. Respublika va mahalliy NNT hamda OAV vakillari JIEMga tashrifga ruxsat olish uchun IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
 
Bunda murojaat xatida kirish vaqti va maqsadi, uchrashuvda qatnashuvchi shaxslar hamda uchrashadigan mahkum familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatiladi. Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:

JIEMga kiruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, ID-kartasi yoki boshqa hujjatlar) nusxasi;

adliya organlarida davlat ro‘yxatidan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi guvohnoma nusxasi (NNT uchun);

OAV vakillarining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi guvohnoma nusxasi;

JIEMda o‘tkaziladigan tadbir (dastur) loyihasi.
 
Respublika va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillarining JIEMga tashrifini tashkil etish sxema (Nizomga 1-ilova) asosida amalga oshiriladi.
 
JIEMga kirishga ruxsat olish to‘g‘risidagi murojaat u tushgan kundan boshlab 15 kun ichida JIEBB tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha murojaat qiluvchiga yozma (elektron) xabar yuboriladi.
 
JIEMga kirish uchun ruxsat olish haqidagi murojaat quyidagi asoslarga ko‘ra JIEBB tomonidan rad etilishi mumkin:

qonuniylik va huquq-tartibotni, shuningdek, tezkor vaziyat keskinlashganda (mahkumlar va boshqa shaxslar hayotiga jiddiy xavf paydo bo‘lganda) mahkumlar, xodimlar, harbiy xizmatchilar va muassasa hududidagi boshqa shaxslar xavfsizligini ta'minlash maqsadida;

oldingi tashriflar mobaynida tartibbuzarlik holatlari sodir etilgani aniqlanganda;

tashrif buyuruvchilar tomonidan yolg‘on ma'lumot taqdim qilinganda;

favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofatlar va texnogen tusdagi vaziyatlar) hamda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi davrida.
 
JIEMga tashrif buyurish uchun diplomatik korpus, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar va xorijiy OAV vakillari TIVga, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar esa – Adliya vazirligiga tegishli murojaatnoma yuborishi lozim.
 
Diplomatik korpus, xalqaro NNT va xorijiy OAV vakillarining jazoni ijro etish muassasalariga tashrifini tashkil etish sxema (Nizomga 2-ilova) asosida amalga oshiriladi.
 
TIV yoki Adliya vazirligi JIEMga tashrif haqidagi murojaatni olgach, uni 5 ish kunida ko‘rib chiqadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga yuboradi.

Mavzuga oid