Jamiyat | 15:36 / 10.03.2021
34434
3 daqiqa o‘qiladi

Qibraydagi ariqdan qonli suv oqayotgandi. Suv qayerdan kelgani aniqlandi

Toshkent viloyati Qibray tumanining O‘ngqo‘rg‘on mahallasidagi fermer xo‘jaliklarining o‘rtasidan o‘tgan ariqdan har kuni ikki mahal qonli suv oqayotgani haqida video tarqalgandi. Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy mutaxassislari vaziyatni o‘rgandi.

O‘rganish davomida bu qonli suv «Obod Savdo Biznes» MChJga qarashli kushxonadan chiqayotgani ma'lum bo‘lgan. Korxonada jonivorlar so‘yilgach paydo bo‘ladigan qonli suv aynan videoda ko‘ringan ariqqa oqizilgan. Ushbu holat yuzasidan 2021 yil 26 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Qibray tumani inspeksiyasi tamonidan ogohlantirish xati berilgan.

Korxona tomonidan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 18, 19 va 99-moddasi talablari buzilgani aniqlanib, shu asosda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy jazo belgilandi.

Mazkur muammoni keltirib chiqargan ixtisoslashgan so‘yish korxonasi binolari 2014 yil «Obod Savdo Biznes» MChJ tasarrufiga o‘tgan va bu borada Qibray tumani hokimining tegishli qarori qabul qilingan. Ixtisoslashgan so‘yish korxonasi 2018 yilda ishga tushirilgan, lekin hujjatlar so‘ralganda, aynan ixtisoslashgan so‘yish korxonasi uchun tegishli tashkilotlar xulosalari taqdim qilinmagan.

Kushxona hududidan chiqayotgan oqova suv uchun qilingan o‘ralar gidroizolyatsiyalangan (betondan yasalgan), lekin oqova yig‘ilmasdan dala va zax ariqqa oqizilgan. Oqova suv o‘radan tortib olinishi, chiqindilarni olib chiqish borasida maxsus tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagan. Kushxonani yuvish vaqtida chiqqan qon aralash suv va so‘yilgan mol ichaklari kushxonaning orqa tomonidagi dalaga chiqarilishi sabab u yerda ham tartibsiz holat yuzaga kelgan. Sanitariya talablari buzilgan.

Toshkent viloyat ekologiya boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy boshqarmasi aniqlangan muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun zarur tavsiyalar bergan va vaziyat nazoratga olingan. Ayni damda yuqorida bayon etilgan masalalarni bartaraf qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, kushxonadan chiqayotgan oqova suvning ariqqa oqizilishi to‘xtatilgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha vakilga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid