O‘zbekiston | 20:26 / 15.03.2021
13159
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda noqonuniy qurilayotgan binolar haqida ma’lumot berildi

Qurilish vazirligi Navoiy viloyati hududida tadbirkorlar tomonidan olib borilgan qurilishlarni o‘rganib, ularning ba’zilaridagi xato va kamchiliklar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Zarafshon shahridagi «Sifat Qurilish Zarafshon» MChJ tomonidan shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy obektida noqonuniy ravishda qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, qurilish obekti vaqtinchalik yopiq to‘siq bilan o‘ralmagani, ShNQ 3.01.01-03 «Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish» qoidasining 1.13-bandi talabiga zid ravishda obektda majburiy yuritilishi lozim bo‘lgan texnik ijro hujjatlaridan umumiy jurnal, materiallarning kirim nazorati, maxsus ishlar, beton, payvand, texnika xavfsizligi jurnallari yuritilmagani aniqlandi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, jamiyat mansabdoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

Shuningdek, Zarafshon shahar 14-kichik tumanidagi «ZARAFSHON BINOINSHOOT QURILISH» MChJ tomonidan ham shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagani hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy obektida qurilish-montaj ishlari boshlanganlik holati aniqlangan.

Holat yuzasidan qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilib, mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, Zarafshon shahar 13-kichik tumanidagi «ZARAFSHON GOLDEN GROUP» va 19-kichik tumandagi «Hakimzoda» MChJ, Navoiy shahar 17-kichik tumanidagi «Laylo ulgurji savdo» MChJ hamda «Mirsaid Bahrom» MFY hududidagi «Osyo Yugra» xususiy korxonalari tomonidan ham shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmagan holda ko‘p qavatli turar joy obektlarida qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvlari o‘tkazilgan va mansabdorlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar yig‘ilib, sudlarga yuborilgan.

Bungacha Toshkent shahriToshkent viloyatiJizzax, Buxoro va Qashqadaryodagi noqonuniy qurilishlar haqida ma’lumot berilgandi. 

Mavzuga oid