Jamiyat | 16:21 / 17.03.2021
11229
7 daqiqa o‘qiladi

Qamashidagi e'tibortalab abgor maktab: taklif berilgan, dasturga kiritilmagan

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yarmi bitmagan, xarob ahvoldagi maktab binosi tasvirlari tarqalgan edi. Bu maktab Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 27-maktab ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri Qamashi tumanida bo‘lib, 27-maktab «Boybo‘ri» MFY Esaboy qishlog‘ida joylashganini aniqladi.

Darvozasi bor, lekin devori yo‘q maktab 4ta «korpus»dan iborat ekan. Birinchisi — 1963 yilda, ikkinchi bino — 1984 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, uchinchi bino 1994-1995 yillarda bunyod etilgan. 2000 yilda Qamashida zilzila bo‘lgani sababli 4-bino qurilgan. 2001-2002 yillarda 4-bino yonida sportzal, o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida kiyinish-yechinish xonalari qurilishi rejalashtirilgan edi. Lekin bu qurilish bitkazilmasdan, «chala» qolib ketgan.

«Bugungi kunda maktabimizda 553 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. O‘quv binolarimiz 228 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quvchilar 2 smenada ta'lim-tarbiya olmoqda», — dedi biz bilan suhbatda maktab direktori Xolbo‘ta Pardayev.

Maktab direktori Xolbo‘ta Pardayev.

Ma'lum bo‘lishicha, binolardan 1984 yilda — hashar yo‘li bilan qurilgani vaqtincha yopiq. Xonalaridan omborxona tarzida foydalanilmoqda. Lekin o‘quv ko‘rgazmalar va doska hamon joyida.

«Eski narsalarni shu xonalarda saqlayapmiz. Bu xonalarda turgan narsalardan foydalanib bo‘lmaydi», — deydi xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Boltayev.

Xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Boltayev.

Maktabda isitish tizimi mavjud bo‘lsa-da «burjuy» pechlardan foydalanilmoqda. Sinfxonalarda o‘qituvchi-yu o‘quvchilar qalin kiyimlarda o‘tirishganiga guvoh bo‘ldik. Mo‘rikonlar esa «chirigan».

«16ta sinfxona mavjud bo‘lsa, shularning barchasida xonadon burjuy pechlaridan foydalanamiz. O‘tin va ko‘mir bilan isitamiz. «Gannay» (mo‘ri)larimizni har yili almashtiramiz», — deydi A.Boltayev.

Maktab ta'miri bo‘yicha mutasaddilar fikriga ham quloq tutdik. 2022 yilgi dasturga kiritish bo‘yicha taklif berilgan ekan. Hali bu taklif qabul qilinadi, maktab ta'mirlanadi, degani emas.

«2022 yilga dasturga kiritish bo‘yicha viloyatga taklif berganmiz. Viloyat vazirlikka o‘tkazsa, tasdiqlansa, maktab dastur asosida to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Isitish tizimi ham o‘sha paytda qilinadi», — dedi tuman XTB qozonlar bo‘yicha mutaxassisi Husan Allayorov.

Tuman XTB mutaxassisi Husan Allayorov

2000 yilda qurilgan binosining ayrim qismlarida oyoq osti nam holatda. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri direktorga yuzlanganida quyidagicha javob oldi:

«Maktabimiz joylashgan joy hududning eng past qismida. 2,5–3 metr kavlansa yer ostidan suv chiqadi. Shuning uchun ayrim xonalarida nam yuzaga chiqqan. Qurilish noto‘g‘ri loyihalashtirilganini bilmayman, uni quruvchilar biladi», — deydi X.Pardayev.

Maktab rahbariyati tuman XTBdagi qurilish bo‘yicha mas'ul Sherzod Odirov tomonidan berilgan tuman hokimining «2020-2022 yillarda Qamashi tumani umumta'lim maktablarini qurish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash bo‘yicha takliflar» ro‘yxatiga asoslanib, davlat dasturiga kiritilgan deb o‘ylab yurishibdi ekan. Taklif va dasturning farqi haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmagan.

«Tugallanmay qolgan binosi va uning yonidagi poydevor 2001 yilda qurilgan. O‘shanda quruvchilar «bir yilda bitkazamiz», deb aytishgan, lekin tugallanmay qolib ketdi. Mendan avvalgi direktorlar ko‘p marta murojaat qilgan. Hammasi natijasiz tugagan. «Qurilish tugallangan-ku?!» deb aytishganini eshitganmiz», — deydi maktab direktori qurilishi bitkazilmgan binoning yonida turib.

Maktab hududida ishlamay yotgan artezian quduq va uni ishlatish uchun o‘rnatilgan transformator bor.

«Artezian quduq hovli va daraxtlarni sug‘orish uchun qurilgan. Lekin ishlamaydi. Hattoki, maktab balansida ham yo‘q. Ishlaganini ham ko‘rmaganman. Hech qachon suv chiqmagan», — deydi A.Boltayev.

Maktabning ikkita binosi ta'mirga muhtoj. Paxsadan qurilgan binosi foydalanishga yaroqsiz. Sportzal yo‘q. Qurilishi yakunlanmay qolgan bino esa o‘quvchilar hayotiga xavf solmoqda. Qolaversa, maktab hududidagi ikkita transformatorda ham himoya zonasi yo‘q.

Maktabning chegarasi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bizni hayratlantirgan yana bir holat — maktab hududida mahalliy aholi avtomobilida bemalol sayr qilib yurgani. Maktab stadionida bolalar sport bilan shug‘ullanayotganida oq rangli «Nexia» rusumli avtomashina xuddi sayrga chiqqandek yuribdi. Rahbariyatdan kimligi so‘ralganida tanishmadi. Qolaversa, 2000 yilda qurilgan binoning ortidan tinimsiz avtomobil qatnarkan. Odamlar o‘quvchilar xavfsizligini aslo o‘ylashayotgani yo‘q.

«Maktabning chegarasi o‘ralmagani sababli 13-14ta qo‘shni xonadonlar avtomobili bilan maktab hududidan o‘tadi. IIB uchastka noziriga ham, mahalla fuqarolar yig‘iniga ham murojaat qildim, lekin natija yo‘q. «Qo‘shnilar» unisi bo‘lmasa – bunisi baribir o‘taveradi. Ularni to‘xtatishning imkoniyati bo‘lmayapti», — deydi maktab direktori.

«2018 yildan buyon shu maktab bo‘yicha murojaat qilib kelyapman. Murojaatdan maqsad maktabning ta'miri, bolalarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan chala qurilgan bino bo‘yicha. Yer qimirlasa, yo zilzila bo‘lib qolsa, ichida bolalar o‘ynab yurgan bo‘lsa, nima bo‘ladi? Maktabning stadioni ochiq holatda, darvozasini qarang, devor bo‘lmasa, darvoza nega kerak? Artezian qudug‘i bor, tayyor! Ishga tushirish kerak! Prezidentga, xalq ta'limi vaziriga murojaat qilganman. Jamshid Qosimovga ham chiqqanman», — deydi Jumagul Xudoynazarova.

Jumagul Xudoynazarova

J.Xudaynazarova Qamashi tuman xalq ta'limi bo‘limi mudirasi N.Abrayeva yuborgan javob xatini ko‘rsatdi. Xatda maktabga sport zal qurish va boshqa obektlar 2022 yilgi davlat dasturi asosida qurilib berish kiritilgani qayd etilgan. Tuman XTBdan asos so‘ralganida 2022 yilda dasturga kiritilishi mumkin bo‘lgan maktablar ro‘yxatiga taklif berilgani ma'lum bo‘ldi. Ya'ni taklif berilgan, dasturga kiritilmagan.

Mutasaddilar tez orada ushbu maktabdagi holatni nazoratga olishiga, maktab ichidagi serqatnov avtomobil yo‘lini to‘xtatishiga, sportzal va devor masalasini tez orada hal etishiga umid qilamiz.

Kun.uz jarayonni kuzatishda davom etadi.

O‘roljon Kamolov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid