O‘zbekiston | 10:42 / 18.03.2021
2898
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yilning o‘tgan muddatida 13 kishi avtohalokat tufayli vafot etgan

Navoiy viloyatida joriy yil boshidan buyon 34 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Shuning 13 tasi inson o‘limi bilan bog‘liq. 21 ta holatda hodisa ishtirokchilari tan jarohati olishgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB YHXB tomonidan 17 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Viloyat IIB YHXB boshlig‘i Anvar Hafizovga ko‘ra, hozirda viloyat bo‘yicha 276 ta MChJ maqomidagi tadbirkorlik sub'yektiga birlashgan 6 000 dan ortiq avtotransport vositalari egalari aholiga yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatadi. O‘tgan yili pandemiya tufayli mazkur avtotransport vositalarining aksariyati texnik ko‘rikdan o‘tmay qolgan. Joriy yildagi texnik ko‘rik esa ularning yetmish foizga yaqini ham texnik, ham ma'nan yo‘lovchi tashish talablariga javob bermasligini ko‘rsatmoqda. 

Hududlar kesimida olib qaraganda, o‘lim bilan bog‘liq avariyalar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Navbahor tumanida 400 foizga, Zarafshon shahri va Tomdi tumanida 200 foizga oshgan. Ta'kidlanishicha, avtohalokatlarning 15 tasi tezlikni oshirish, 1 tasi piyodalarga yo‘l bermaslik, 1 tasi svetoforga rioya qilmaslik, 2 tasi oraliq masofani saqlamaslik, 2 tasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, 3 tasi boshqaruv paytida uxlab qolish, 1 tasi mast holda mashina boshqarish natijasida sodir etilgan.

Oldinroq Navbahor tumanida mast holatdagi piyoda avtohalokat qurboniga aylangani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid