O‘zbekiston | 02:11 / 19.03.2021
25997
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident – Toshkent viloyatida. Tashrifning ilk kunidan fotojamlanma

Prezident Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi tashrifi Toshkent viloyatiga bo‘ldi. Davlat rahbari tashrifning birinchi kunida Chinoz, Quyi Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlariga bordi, Chirchiq shahri mahallalarida aholi bilan ko‘rishdi.

Foto: KUN.UZ

Tashrif Chinoz tumanidan boshlandi. U yerda prezident suv xo‘jaligida amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev yerdan unumli foydalanish haqida ham gapirarkan: «Ekishdan oldin sotishni o‘ylash kerak. Yerni tadbirkorga berish zarur, chunki bozorni biladi, raqobatni biladi», dedi.

Shavkat Mirziyoyev Chinoz tumanining Eshonobod mahallasida ham bo‘ldi. U yerda prezident Toshkent viloyatida ichimlik suvi, elektr energiyasi tarmoqlari, yo‘l va boshqa sharoitlarni yaxshilash uchun 119 trillion so‘m yo‘naltirilishini aytdi. «Hech bir viloyatda bu qadar katta marra olinmagan», dedi prezident.

Shundan so‘ng Mirziyoyev Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT Cluster» klasteri tomonidan qurilgan sholini qayta ishlash zavodiga bordi. U yerda davlat rahbari navbatdagi marta jurnalistlar bilan uchrashdi.

OAV vakillari bilan uchrashuv chog‘ida kutilmagan savol yangradi. Internetda Shovvozsoyda go‘yoki hukumat uchun dam olish maskani qurilgani haqida shov-shuvlar tarqalgandi. Prezident bu haqdagi savolga javob berarkan, jumladan shunday dedi:

«Bu – «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning davlat korxonasi. Hech kim u yerda turib, yashab yoki birovga o‘tkazilgani yo‘q. U davlatning joyi. Prezidentning nima aloqasi bor? Prezident ham agar qandaydir martabali, O‘zbekistonga foydasi tegadigan inson kelsa, boradi.

Aytmaysizlarmi, prezident bilan biz piyoda yuramiz, sizlar ham kelib, bir marta piyoda yurib ko‘ringlar, keyin prezident 5 yilda necha marta dam olibdi ekan, degan savolni nega bermaysizlar?»

Ta'kidlash lozim, O‘zbekistonda prezident o‘zi haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritishi holati avval kuzatilmagan.

Shavkat Mirziyoyev kun oxirida Chirchiq shahriga ham bordi va u yerda ko‘p qavatli uylar qurilishi bilan tanishdi. Bundan tashqari, prezident bu gal ham mahallalarda yurib, odamlar bilan suhbatlashdi.

Davlat rahbari Chirchiq shahridagi Iftixor va Lola mahallalarini aylanib, aholi muammolari bilan qiziqdi, ularni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Nogiron farzandi bor xonadonga kirib, bolaga imkon qadar yordam berishini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanidagi qurilish materiallari klasterida ham bo‘ldi. Shu yerda, 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Kun.uz fotomuxbiri tashrif jarayonlaridan fotojamlanmani taqdim etadi.

Mavzuga oid