Elektromobillarga soliq imtiyozlari berilishi mumkin
Moliya vazirligi Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, elektromobillar bojxona yig‘imidan ozod etilishi mumkin. Hozirda bu yig‘im miqdori 20 yevroni tashkil etadi.
Moliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga ko‘ra, elektromobillar soliq yig‘imidan ozod qilinadi.
Ya'ni loyihada «Faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalari sotib oluvchi va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirishni amalga oshiruvchi shaxslar» ham avtotransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘imni to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.
Bu prezidentning 2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ham nazarda tutilgan edi.
Agar qonun kuchga kirsa, elektromobillar 20 yevro bojxona yig‘imidan ozod bo‘lib, O‘zbekiston hududiga ushbu turdagi avtomobillarni olib kirishga 15 foizlik QQS to‘lash kifoya qiladi.
Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda elektromobillarning ommaviylashish tendensiyasiga oid tahliliy maqola e'lon qilgandi. Unda so‘nggi 3 yilda O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 183ta elektromobil import qilinib, elektromobillar ommalashmayotgani sabablari tushuntirilgan edi.
Ma'lumot uchun, respublikaga 2018 yilda 13ta, 2019 yilda 39ta, 2020 yilda 131ta elektromobil import qilingan. 2020 yilda 2018 yilga nisbatan 10 barobar ko‘proq elektromobillar respublikaga olib kirilgan. O‘tgan yil O‘zbekistonga Xitoy, Janubiy Koreya, Gruziya, AQSh va boshqa davlatlardan elektromobillar import qilingan.
Mavzuga oid
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
22:49 / 23.09.2022
AQShda Tesla kompaniyasining bir milliondan ortiq avtomobilida nosozlik aniqlandi
11:14 / 17.09.2022
O‘zbekistonliklar 8 oyda elektromobillar importiga 46 mln dollar sarfladi
10:46 / 12.09.2022