O‘zbekiston | 17:52 / 22.03.2021
40717
5 daqiqa o‘qiladi

«Qat'iy karantinni tiklashga birorta asos yo‘q» - Nurmat Otabekov bilan suhbat

O‘zbekistonliklar so‘nggi haftani yana koronavirusdan xavotirda o‘tkazdi. Xuddi o‘tgan yilgidek, mart oyining o‘rtasida koronavirus balosi yana bosh ko‘targani ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi.

Xo‘sh, qat'iy karantin qayta yo‘lga qo‘yilish ehtimoli qay darajada? Agar karantin qaytarilsa, oldingi usullar qo‘llaniladimi? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov bilan suhbatlashdik.

– Nurmat Satiniyazovich, bugun ko‘pchilikni qiynayotgan savol – qat'iy karantinga qaytiladimi? Agar qaytilsa, undagi choralar o‘tgan yildagidek bo‘ladimi?

– Bugungi kunda karantin qoidalarini o‘tgan yilgidek qat'iy va keskin darajada qayta tiklashga biror asos yo‘q. Sababi, kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi 3 oy ichida past darajalarda bo‘lib keldi, hozir birmuncha yuqori bo‘lsa ham, bu karantin cheklovlarini kuchaytirishga asos bo‘ladigan darajada emas. Negaki kasallanish asosan Toshkent hududida ko‘proq qayd etilyapti.

Kasallanganlar orasida bolalar ulushi ortyapti. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi davrida umumiy kasallanishlar orasida bolalar ulushi 5-7 foiz bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 25 foizdan ortib ketdi.

Shuning uchun ham Toshkent shahrining ayrim tumanlaridagi maktablar ta'limi onlayn tartibiga o‘tkazildi. Hozir ta'til davom etyapti va ularning yakuniga qadar biz kasallikning tarqalish zanjirini uzishga muvaffaq bo‘lishni rejalashtiryapmiz. Mabodo vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, ta'tillar muddatini uzaytirish masalasini o‘ylab ko‘ramiz.

Bir narsaga aniqlik kiritib olishimiz kerak – karantin hali bekor qilingani yo‘q, eng muhim va birlamchi himoya usullari hamon amalda. Shunchaki, biz o‘zimizni juda bo‘sh qo‘yib yubordik, koronavirus hamon yonimizda ekanini unutdik, o‘zimizni go‘yo kasallikdan qutulgandek tuta boshladik. Bu esa natijasini bermay qolmadi – kasallikka chalinish hollari ko‘paya boshladi.

Ana shunday paytda Maxsus komissiya qaroriga binoan epidemik vaziyat murakkablasha boshlagan Toshkent shahrida karantin choralari yana bir bor eslatib qo‘yildi. Bu eslatmalarni o‘tgan yilgidek qat'iy karantinga qaytish deb baholash noo‘rin.

Endi o‘tgan yil bilan boshqa jihatlarni solishtiradigan bo‘lsak, 2020 yilda koronavirus nafaqat bizga, balki butun insoniyatga noma'lum kasallik edi, uni samarali davolash, cheklash va himoyalanish usullari to‘la o‘rganilmagan edi. Bu yilga kelib ham tibbiyot tizimi, ham aholi koronavirus xavfini yaxshi tushunib oldi va undan himoyalanish choralarini ham yaxshi biladi.

Agar bu yil ham karantin joriy qilinadigan bo‘lsa, o‘tgan yilgidan farq qiladi. O‘tgan yili karantinda tatbiq etilgan cheklov tadbirlari noma'lum kasallikka qarshi kurashish uchun bo‘lgan bo‘lsa, endi u haqda to‘liq tasavvurga egamiz. Nafaqat COVID-19ning o‘zi, balki uning mutatsiyaga uchragan shtammlari haqida ham bilamiz. Shu bois bizda o‘ziga xos ogohlik, hushyorlik immuniteti shakllandi.

Qolaversa, aholining ma'lum bir qatlami ushbu virusga chalinishi oqibatida immunitet hosil qildi. Demak, ko‘riladigan choralar ham o‘tgan yilgidan farq qiladi, qat'iy karantin holatiga qaytiladi, deb o‘ylamayman.

– Britancha shtammning kirib kelishi ham ko‘pchilikni sarosimaga soldi. Ammo keyingi hisobotlar yana umumiylashtirib yuborildi. Ayni paytda koronavirusning bu shtammi alohida o‘rganilmayaptimi?

– Bugunga qadar koronavirusning 5 mingdan ortiq shtammlari, mutatsion variantlari aniqlangan. Hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan sekvinirlash yo‘li bilan britancha yoki boshqa shtamm ekanini aniqlash mumkin. Hozirda ham har bir holatda Ilg‘or texnologiyalar markazida tahlil qilinyapti.

Lekin britancha, afrikacha yoki brazilcha shtamm bo‘lishidan qat'i nazar, undan himoyalanish, profilaktika chora-tadbirlari va davolash usullari o‘zgarmaydi.

Xalqimizda bir naql bor – «Yoqib yuboriladigan ko‘rpani tozalab o‘tirish shart emas», deyiladi. Demak, qarshi kurashdagi usullarimiz o‘zgarmas ekan, uning qanday shtamm ekaniga urg‘u berib, ortiqcha vaqt va resurs sarflashning hojati yo‘q. Aynan qaysi shtamm bilan kasallik ko‘paygani unchalik ahamiyatga ega emas.

Kasallikning bolalarda uchrayotgani va tez tarqalayotgani britancha shtamm tarqalayotganining yaqqol belgisidir. Buning o‘rniga umume'tirof etilgan profilaktika chora tadbirlarga kengroq e'tibor berish kerak.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid