Jamiyat | 09:28 / 22.03.2021
58367
3 daqiqa o‘qiladi

Xudoyberdi To‘xtaboyev vafot etdi

O‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili Xudoyberdi To‘xtaboyev olamdan o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev 89 yoshida vafot etdi. 

Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932 yilda Farg‘ona viloyatining Katta Tag‘ob tumanida (hozirgi O‘zbekiston tumani) tug‘ilgan. 

U 1949 yil Qo‘qon pedagogika institutini, 1955 yil Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini) tamomlaydi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev faoliyatini Farg‘ona viloyatidagi maktabda dars berishdan boshlagan, keyinroq o‘quv ishlari mudiri va maktab direktori lavozimlarida ishlagan. 1958 yildan boshlab keyingi 14 yil mobaynida «Toshkent oqshomi», «Sovet O‘zbekistoni», «Toshkent haqiqati», «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Guliston», «Gulxan», «Sharq yulduzi», «Yosh kuch» jurnallarida 300dan ortiq feletonlarini chop etadi.

Adib ijodining dastlabki davridanoq hajvga, kulgiga moyil hikoya to‘plamlarini, qissa va romanlarini yaratdi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Shoshqaloq» 1961 yilda e'lon qilingan.

Xudoyberdi To‘xtaboyev Hamza nomidagi Davlat mukofoti, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» (1982) unvoni sovrindori, O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991) hisoblanadi.

  • Asarlari: «Sehrli qalpoqcha» (Bu asarda voqealar qahramon tilidan bayon etilgan), «Sariq devni minib» (1968, jami 24 tilga tarjima qilingan), «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida» (1986), «Mungli ko‘zlar», «Sir ochildi» (1964), «Omonboy va Davronboy sarguzashti», «Jannati odamlar» (1996), «Shoshqaloq», «So‘qmoqlar» va boshqalar.
  • Xorijiy kitobxonlar orasida Xudoyberdi To‘xtaboyev «Sehrli qalpoqcha» ertak-qissasining rus tiliga tarjimasi (shuningdek, ukrain, fransuz va bir qator boshqa tillar) bilan tanilgan. «Sehrli qalpoqcha» ertak-qissasi — yozuvchining rus tiliga tarjima qilingan birinchi kitobi. Ertak-qissa 1970 yilgi Butunittifoq tanlovida eng yaxshi bolalar kitobi mukofotiga loyiq topilgan. Xudoyberdi To‘xtaboyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid