O‘zbekiston | 21:21 / 23.03.2021
24008
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat va bank xizmatlarini ko‘rsatishda JShShIR shaxsni tasdiqlovchi yagona identifikator deb belgilandi

O‘zbekistonda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator deb belgilandi.

Endilikda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu – «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qabul qilingan prezident farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish JShShIRdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

2021 yil 1 iyulga qadar:

  • O‘zbekiston fuqarolarining hamda O‘zbekistonda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning STIRi JShShIR bilan o‘zaro birlashtiriladi;
  • STIR mavjud bo‘lmagan fuqarolarni va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni JShShIR orqali soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yadi.

Ma'lumot uchun, JShShIR 14 ta raqamdan iborat bo‘lib, fuqarolik pasportida aks etgan.

O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash tartibi 1996 yilda tasdiqlangan.

Mavzuga oid