O‘zbekiston | 16:50 / 24.03.2021
16458
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Jamoat joylarida tibbiy niqoblardan foydalanish bo‘yicha nazorat kuchaytirildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 mart kunidan jamoat joylarida tibbiy niqobdan va antiseptik vositalardan foydalangan holda harakatlanish bo‘yicha sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya etilishi bo‘yicha nazorat kuchaytirilgani, 25 martdan yana qo‘shimcha choralar kuchga kirishi haqida xabar berdi.

O‘zbekiston hududida koronavirusning keng tarqalishi va keskin epidemiologik holat yuzaga kelishining oldini olish maqsadida karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat yanada kuchaytirilmoqda.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, joriy yilning 24 martidan boshlab: 

  • jamoat joylarida, shu jumladan, yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) tibbiy niqobdan va antiseptik vositalardan foydalangan holda harakatlanish bo‘yicha sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya etilishi bo‘yicha nazorat kuchaytirildi.

25 martdan boshlab:

  • kasallik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgani sabab uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish maqsadida zarurat bo‘lgan hududlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida mobil brigadalar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yiladi.
  • Karantin cheklovlarini va sanitariya-epidemiologik talablarni buzayotgan fuqarolar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi, shu jumladan, ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qat'iy choralar ko‘rilishi belgilandi.

«Hurmatli yurtdoshlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi sizlardan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida shaxsiy mas'uliyatni oshirishingizni, tibbiy niqoblarni tez-tez almashtirib turishingizni so‘rab qoladi. Sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya qilmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishini unutmang, o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga befarq bo‘lmang», deyiladi vazirlik xabarida.

  • O‘zbekistonda mart oyining o‘rtalaridan epidemiologik vaziyat yana yomonlasha boshladi. SSV statistikasiga ko‘ra, 23 mart kuni mamlakatda yana 119 kishida COVID-19 tasdiqlangan, ularning 93 nafari — Toshkent shahrida. Shuningdek, 10 fevraldan buyon ilk marta koronavirus infeksiyasidan o‘lim holati qayd etilgan.

Mavzuga oid