Jahon | 02:13 / 25.03.2021
10108
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston o‘z vaksinasi eksportini to‘xtatib qo‘ydi - OAV 

Foto: Depositphotos

Hindiston AstraZeneca (CoviShield) vaksinasi eksportini to‘xtatib qo‘ydi. Mamlakatda koronavirus tarqalishi yana avj olmoqda va hukumat birinchi navbatda o‘z fuqarolarini vaksina bilan ta'minlashni rejalashtirmoqda. 

Reuters’ning ikkita manbaga tayanib xabar berishicha, Hindiston 25 martdan o‘z vaksinasi eksportini to‘xtatadi. 

“Barcha qolgan narsa muayyan vaqtga ikkinchi ahamiyatli narsaga aylandi”, deb aytgan manbalardan biri.

Hindistonda 1 apreldan 45 yoshdan katta aholini emlashga ruxsat berilgandi. Hukumat bu maqsadda CoviShield’dan 141 mln doza buyurtirgan.

“Hindistonda vaziyat barqarorlashmaguncha hech qanday eksport bo‘lmaydi. Hukumat Hindistonda bunchalik ko‘p odam vaksinaga muhtoj bo‘lgan vaqtda tavakkalchilik qilmaydi”, deb aytgan manbalardan biri.

Hindiston hukumatining ushbu qarori JSST tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan COVAX tashabbusi doirasida vaksina yetkazilishiga ta'sir ko‘rsatadi. Ayni vaqtda COVAX Hindistondan 17,7 mln doza vaksina olgan.

Ta'kidlanishicha, Hindiston hozirdayoq Braziliya, Britaniya, Marokash va Saudiya Arabistoniga vaksina yetkazishda hayallamoqda.   

Yevropa ittifoqi ham vaksina eksporti qoidalarini qat'iylashtirmoqda. Agar Britaniya va AQSh kabi vaksina ishlab chiqaruvchi davlatlar Yevropa ittifoqiga vaksina eksportini taqiqlasa, Yevropa ittifoqi ham vaksina eksportini to‘xtatishi mumkin.   

17 mart kuni O‘zbekistonga CoviShield vaksinasidan 660 ming doza keltirilgandi. CoviShield - AstraZeneca vaksinasining hindcha muqobili hisoblanadi. AstraZeneca 2020 yil kuzida Hindistonning Serum instituti (Serum Institute) bilan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchilardan bo‘lgan bu institut AstraZeneca’ni litsenziya asosida ishlab chiqarmoqda. Hindlarning Astra Zeneca’sining mahalliy nomi CoviShield deb ataladi. 

 

Mavzuga oid