O‘zbekiston | 13:18 / 27.03.2021
7267
3 daqiqa o‘qiladi

«Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida "Elektron raqamli imzo to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi.

Qonunning asosiy maqsadi elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo ayni bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda qog‘oz hujjatga o‘zi qo‘lda qo‘ygan imzo va muhr bilan tasdiqlangani bilan bir xil ahamiyatga egadir:

  • elektron raqamli imzo haqiqiyligi tasdiqlangan bo‘lsa;
  • elektron raqamli imzo haqiqiyligi tasdiqlangan paytda yoki imzolash paytini belgilovchi dalillar bo‘lganda elektron hujjat imzolanayotgan paytda elektron raqamli imzo kaliti sertifikati amal qilib turgan bo‘lsa;
  • elektron raqamli imzodan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanilayotgan bo‘lsa.

Elektron raqamli imzo vositalari elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishi, elektron raqamli imzo haqiqiyligi tasdiqlanishi, elektron raqamli imzo yopiq va ochiq kalitlari yaratilishini ta'minlaydigan barcha texnikaviy va dasturiy vositalar majmuidan iborat.

Ixtiyoridagi mavjud ma'lumotlarni almashish maqsadida davlat organlari o‘rtasidagi idoralararo elektron aloqalar, shuningdek, davlat organlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda idoraviy tizimlardagi ish milliy elektron raqamli imzo vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

Elektron raqamli imzo vositalaridan egasi shaxsini hamda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlaydigan hujjatlarda foydalanish mumkin.

Elektron raqamli imzo vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilishi lozim.

Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni Vazirlar Mahkamasi va u maxsus vakolat bergan organ - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi amalga oshiradi.

Vazirlar Mahkamasi:

  • elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
  • elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida davlat va boshqa dasturlarni tasdiqlaydi va ular amalga oshirilishi ustidan nazorat qiladi;
  • elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
  • ishonchli uchinchi tomon faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Mavzuga oid