Jamiyat | 20:17 / 28.03.2021
30942
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 147 gektar o‘rmon-ov hududi yoqib yuborilgan

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Sirdaryo viloyatida o‘rmon-ov xo‘jaligidagi 147 gektar hudud yoqib yuborilgan. Bu haqda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 19 mart kuni Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga ijtimoiy tarmoqlar orqali viloyatdagi «Qolgansir o‘rmon-ov xo‘jaligi» hududidagi daraxt va turli butalardan iborat hudud sun'iy ravishda yoqib yuborilayotganligi to‘g‘risidagi murojaat bo‘lgan. Boshqarma xodimlari murojaatda tilga olingan joyda bo‘lganida, yong‘in guvohi bo‘lgan.

Tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanganda, 19 mart kuni yong‘in «Qolgansir o‘rmon-ov xo‘jaligi» hududining 147,2 gektar maydonida sodir bo‘lgani aniqlangan. Ma'lum bo‘lishicha, yong‘inni o‘sha kuni yoqqan yomg‘ir o‘chirgan. Ungacha, ancha maydondagi o‘simlik va hayvonot dunyosi zarar ko‘rgan.

Ta'kidlanishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Sirdaryo viloyat IIB tomonidan yong‘in chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Batafsil ma'lumotlar qo‘shimcha tarzda ma'lum qilinadi.

Mavzuga oid